Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda.
Bir hafta ichida Andijonda 360 ta bo‘sh va samarasiz ko‘chmas mulk aniqlandi. Shuningdek, 96 ta bino-inshootlar ochiq auksionda yillab sotilmayapti.
Bu obyektlar qulay shart asosida sotilsa, tadbirkorlar loyiha qilib, ish o‘rni yaratadi.
Masalan, Andijon shahri endokrinologiya markazidagi 20 sotix, yonidagi 1-son poliklinikaning 30 sotix bo‘sh yeri auksionga chiqsa, tadbirkor 20 million dollarlik 600 o‘rinli xususiy tibbiyot markazi qurmoqchi. Yoki, Andijon tumani O‘rikzor mahallasidagi ta’mirtalab "O‘quvchi yoshlar markazi" auksionga qo‘yilsa, bu yerga 35 million dollar investitsiya kiritib, jami 6 ming o‘rinli bog‘cha, maktab, texnikum va oliygohdan iborat ta’lim klasteri qilaman, degan tadbirkorlar ham bor.
Mutasaddilarga bo‘sh yotgan barcha yer va binolarni auksionga chiqarish topshirildi.
"Hammani qattiq ogohlantiraman – tibbiyot va ta’lim tashkilotlariga tegishli bo‘sh binolar faqat "profili"ni o‘zgartirmaslik sharti bilan beriladi", - dedi Prezident.
Bosh prokuraturaga bu borada qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.
Izboskan tumanida tadbirkor 10 million dollar investitsiya hisobiga quvvati 3,2 megavattli kichik GES qurgan. GES yiliga 8 million kilovatt-soat elektr beradi. Bu Izboskan aholisi iste’molining 20 foizi degani.
Prezident bu namunali loyihani ma’qullab, viloyatning suv oqimi yuqori bo‘lgan ariq va kanallarida 75 megavatt quvvatga ega kichik va mikro GESlar qurish imkoniyati borligini aytdi.
Andijondagi bunday loyihalarga 40 million dollar ajratilishi belgilandi. Bu mablag‘lar tadbirkorlarga 3-yil imtiyozli davr bilan 7-yilga 12 foiz stavkada beriladi.
Mahalliy komponentni rivojlantirish uchun avgust oyida xitoylik investorlar bilan mikro GES agregatlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. E’tiborli jihati, bu investor qurilgan GESlarga 1-yil bepul servis ko‘rsatadi, keyingi 9-yilda kafolatli pulli xizmatni yo‘lga qo‘yadi.
Viloyat hokimligiga bu yil quvvati 24 megavatt, keyingi yil yana 20 megavatt bo‘lgan jami 763 ta kichik va mikro GESlarni ishga tushirish choralarini ko‘rish topshirildi. Bu loyihalar ishga tushsa, 38 ming xonadon uzluksiz elektr bilan ta’minlanadi, viloyatning elektr importi 10 foizga qisqaradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42523 | Инструменты