Mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham aholi daromadlarini oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining tashabbusi bilan Kegeyli tumanida tashkil etilgan issiqxona majmuasi ham oʻz loyihalari bilan faol ishtirok etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu majmua faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Bu yerga 12,5 milliard soʻm imtiyozli mablagʻ ajratilib, 5 gektarda zamonaviy yengil tipdagi issiqxona barpo etildi. Natijada dastlab Ijtimoiy reyestrda turgan 50 ta oila qamrab olinib, ular uchun doimiy ish oʻrinlari yaratildi.
Tanlab olingan har bir ehtiyojmand oilaga 10 sotixdan issiqxona maydoni ajratib berildi. Bunda ushbu kompleksga biriktirilgan lider tadbirkor faqat yer va issiqxona ajratish bilan cheklanib qolmaydi, balki ularni 2 yil davomida shu yerning oʻzida oʻqitib, ular yetarli bilim va tajribaga ega boʻlganidan soʻng oʻz tomorqalarida issiqxona tashkil etish va daromad manbaini yaratishga koʻmaklashadi.

Eng muhimi, yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari lider tadbirkor tomonidan bozor narxida sotib olinadi.
Shuningdek, mazkur issiqxona kompleksida yiliga 1 ming nafar fuqaroni issiqxona xoʻjaligi va dehqonchilik sohasi boʻyicha oʻqitish ham yoʻlga qoʻyilgan. Mazkur tizim aholi uchun kafolatli va barqaror daromad manbai boʻlib xizmat qiladi.
Bundan tashqari, oilalar daromadini yanada koʻpaytirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratilgan. Issiqxona yaqinida joylashgan 350 metrlik zovurda 500 bosh oʻrdak boqishga moʻljallangan maxsus oʻrdakxona tashkil etildi.
Loyiha doirasida oilalarga 10 boshdan Braziliyadan keltirilgan “Favorit” naslli oʻrdaklar ajratilib, fuqarolarga ularni koʻpaytirish texnologiyasi atroflicha oʻrgatilmoqda.

Mazkur loyiha qishloq joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Bugungi tadbirkorlarning faqat oʻz foydasi uchun emas, balki odamlarning ham yaxshi yashashiga oʻzini daxldor deb bilayotgani alohida eʼtirof etildi.
Loyihada zamonaviy va resurstejamkor texnologiyalardan keng foydalanilmoqda. Hududda quvvati 100 kilovatt boʻlgan quyosh panellari oʻrnatilgan boʻlib, ular ishlab chiqarayotgan elektr energiyasi issiqxonaning kundalik ehtiyojini qoplaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91817 | Инструменты