Shavkat Mirziyoyev “Tashkent Law Spring” to‘rtinchi xalqaro yuridik forumi ishtirokchilariga tabrik yo'lladi.
Hurmatli Forum ishtirokchilari!
Hurmatli mehmonlar!
Avvalambor, sizlarni “Raqamli texnologiyalar davri: kelajakka huquqiy nazar” mavzusidagi “Tashkent Law Spring” IV xalqaro yuridik forumining ochilishi bilan samimiy qutlayman.
Anjumanda jahonning nufuzli tashkilotlari va 40 dan ortiq davlatlaridan yuqori martabali delegatlar, yetakchi oliygohlar va “aql markazlari”ning taniqli olimlari va ekspertlari ishtirok etayotgani uning nufuzi va ahamiyati tobora oshib borayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Yuksak texnologik taraqqiyot jarayonida inson manfaatlari va adolat tamoyillariga amal qilish, samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish, raqamli suverenitetni ta’minlash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni har tomonlama kuchaytirishni davrning o‘zi taqozo qilmoqda.
Texnologiyalar va virtual munosabatlar shiddat bilan hayotimizga kirib kelayotgan bugungi kunda sun’iy intellekt kabi taraqqiyotning eng ilg‘or yutuqlarini umumbashariyat manfaatlari yo‘lida oqilona va samarali foydalanish zarur, deb hisoblaymiz.
Yangi O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar yordamida davlat boshqaruvi modernizatsiyasi va davlat xizmatlarini elektronlashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hisobiga “xizmat ko‘rsatuvchi davlat” tamoyilini ro‘yobga chiqarishga katta e’tibor berilmoqda.
Oddiy odamlarga keng qulayliklar yaratayotgan sun’iy intellekt hayotimizga chuqur kirib kelmoqda. Shuni inobatga olib, biz Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini qabul qildik, onlayn-rejimda ishlovchi platformalar hamda integratsiyalashgan bilimlar bazalarini ishga tushirdik.
Shaxsiy daxlsizlik huquqi va taraqqiyot ehtiyojlari o‘rtasida nozik muvozanatni topish, intellektual mulk himoyasi, sohada qulay investitsiyaviy muhitni ta’minlash, shuningdek, yangi voqelik – “raqamli dunyo” sharoitida davlatlarning huquqiy transformatsiya jarayonlariga muvaffaqiyatli o‘tishi, ayniqsa, sun’iy intellekt yo‘nalishida tizimli hamkorlikni kuchaytirish va undan foydalanish etikasi bo‘yicha namunaviy qoidalar ishlab chiqish ustuvor ahamiyatga egadir. Ushbu innovatsion huquqiy asos mazkur sohani samarali tartibga solishda barcha davlatlar uchun o‘ziga xos namuna bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Forumda ana shu muhim jihatlarni alohida hisobga olib, eng dolzarb masalalar muhokama qilinishi hamda amaliy taklif hamda tashabbuslar ishlab chiqilishi raqamli kelajakning mustahkam poydevorini yaratish va raqamli transformatsiya yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ladi, deb ishonaman.
Anjuman doirasida ilk bor Yoshlar forumi o‘tkazilayotgani ham diqqatga sazovordir. Chunki bu sohalar rivojini yosh avlodning faol ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Zero, navqiron huquqshunoslarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va ularni qonun ijodkorligi jarayoniga keng jalb etishda bunday samarali muloqot maydonlarining ahamiyati g‘oyat kattadir.
Ana shunday ezgu ishlarda sizlarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va yangi yutuqlar, Forum ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.
Alpha version: 0.9.1.19 build 53102 | Инструменты