Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo'lib o'tmoqda.
“Prokuratura, ichki ishlar, soliq rahbarlari yaxshilab eshitib olsin: sektor ishidan ozod qilish bu – eski davrga qaytib, aholi va tadbirkorlarga har qadamda to‘siq, korrupsiyaga sharoit yaratish, degani emas”, - dedi davlat rahbari.
Tumanda jinoyatchilikni jilovlashga hokim bosh bo‘lib, barcha ishlarni muvofiqlashtirishi, uning bu boradagi o‘rni hech qayerga yo‘qolmasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Har haftada prokuror va ichki ishlar boshlig‘i bilan hududdagi vaziyatni muhokama qilib borishi shart va zarurligi qayd etildi.
Bosh prokuratura, Ichki ishlar, DXX akademiyalari, Yuridik va Jamoat xavfsizligi universitetlariga jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha hudud va sohalar biriktirilgan edi. Lekin ular kriminogen vaziyat murakkab mahallalarga olimlarini yubormayotgani, ushbu mahallalarni namunali qilishda jonbozlik ko‘rsatmayotganiga eʼtiroz bildirildi.
Milliy kengash har chorakda ushbu oliygohlar rahbarlaridan ham hisobot so‘rab borishi kerakligi taʼkidlandi.
Umuman, Senat kamida 1 ta hududda jinoyatchilikni keskin qisqartirish bo‘yicha, Qonunchilik platasi esa kamida 1 ta sohada korrupsiyaga barham berish bo‘yicha takliflar berib borishi bu boradagi ishlar natijadorligini yana-da oshirishiga ishonch bildirildi.
Bundan buyon, vazir va hokimlar lavozimga qo‘yilishidan oldin korrupsiyani oldini olish bo‘yicha aniq rejasini parlament va mahalliy kengashlar oldida himoya qiladigan tizim joriy etish taklif qilindi.
Manfaatlar to‘qnashuvi, qimmat narxda tovar sotib olish yoki xizmat ko‘rsatish asosan davlat xaridlarida kuzatilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Umuman, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olsa bo‘ladigan 50 dan ortiq tovar va xizmat turlari bor. Lekin birorta rahbar buni ro‘yxatdan chiqaraylik, hamma tanlov qilib olsin, narx arzon bo‘ladi, degan taklifni bildirmadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Hisob palatasiga parlamentning byudjetga masʼul qo‘mitalari bilan birgalikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlarni 2 karra qisqartirish topshirildi. Yil yakunigacha sunʼiy intellekt yordamida davlat xaridlarida qonunga zid holatlarni aniqlash va oldini olish bo‘yicha elektron tizimni ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, bu borada Ekspert komissiyasi tuziladi. Ushbu komissiya ilg‘or tajriba asosida davlat xaridlarida tovarlarning o‘rtacha bozor narxlari ko‘rinib turadigan elektron platforma yaratib, undagi maʼlumot yangilanib turadigan tizim qiladi.
Bunda, davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi o‘rtacha bozor narxidan ko‘pi bilan 20 foizdan oshmasligi shart. Ushbu talabni buzganlik uchun qonun bilan javobgarlik va jarimalar joriy qilinadi.
Byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga olinayotgan tovarlarni ham tartibga solish vaqti kelgani taʼkidlandi. Byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘ hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish bo‘yicha talablar kuchaytirilishi belgilandi.
Xizmat transportida yurishni keskin qisqartirib, mahalliy avtomobil va mebeldan foydalanishga o‘tish zarurligi qayd etildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30602 | Инструменты