Shavkat Mirziyoyev: Yangi O'zbekiston uchun hammamiz mas'ul va javobgarmiz

1 iyun kuni Surxondaryoga tashrif bilan borgan prezident Shavkat Mirziyoyev jurnalistlar bilan muloqot qildi. Uchrashuv davomida UZREPORT TV jurnalisti Gulnoza Husanova prezidentga «Surxandaryo viloyatida aholini turmush sharoitlarini yaxshilash, odamlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish borasida qanday ishlar qilinishi rejalashtirilgan?», - deya savol berdi.

Davlat rahbari savolga javob berishdan oldin yangi O‘zbekiston uchun hammamiz mas'ul va javobgar ekanligimizni ta'kidladi.

«Bir narsani bilishlaring kerak. Yangi O’zbekistonda yangi marralarni qabul qilayapmiz. Og’ir ahvolda ham odamlarimiz mehnat qilayapti», - dedi davlat rahbari va OAV vakillarini tarozining ikki pallasini ham inobatga olishga chaqirdi.

«Qalamlaring o‘tkir bo‘lishi, xalqning yuragiga yetib borishi [kerak], tarozining ikki pallasini ham albatta inobatga olishlaring kerak. Kecha kim edik, nimalar qilgan edik, qanday omillarni amalga oshirgan edik, qanday kamchiliklarimiz bor edi? Yangi O’zbekistonda odamlarimizning turmush darajasi, islohotlarga ishonchi qanday oshyapti?

Qishloqlarda oddiy-oddiy uylarga kiryapmiz. To‘g‘ri, sizlar aytishlaring mumkin, prezident kelishiga bu uyni to‘g‘rilab, tayyorlagan deb. Bunday deb shubha qilishinglar mumkin, lekin bitta narsani bilishlaring kerakki, hamma qo‘yayotgan qadamlarimiz, oxirgi yillari sizlar bilan qilayotgan ochiq muloqotlarimizning zamiri shuki – xalqimizga joylarda bo‘layotgan kamchiliklarimizni ham, yutuqlarimizni ham rost-ro‘y yetkazishda menga sizlar ko‘makchi va yordamchisizlar.

Sizlarning qalamlaring, chiqaradigan hamma ma'lumotlaring odamlarni to‘g‘ri yo‘lga [undashi lozim]. Mana, kichkinagina bojxona [posti]. Men bosh vazir bo‘lganimda bu yerlarga juda ko‘p kelganman, odam omili 150 foiz edi (juda yuqori edi – tahr.). Odam omili bo‘lganda xavf-xatarning oldini olish, iqtisodiyotimizni barqaror qilish bo‘yicha juda katta nuqsonlar, kamchiliklar bor edi. Mana, hozir birinchi qadamlarimizni qo‘yyapmiz, hamma sohani raqamlashtirish, iloji boricha inson omilini kamaytirib, adolatli, korrupsiyadan yiroq qilishga intilyapmiz», – dedi davlat rahbari.

«Savollarga o'tishdan oldin, menga bitta narsani va'da berishlaring kerak: ko‘ryapman, sizlar ko‘p harakat qilyapsizlar, biz hammamiz mana shu yangi O‘zbekistonga mas'ul va javobgar ekanligimizni bilishimiz kerak», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 81418 | Инструменты