Avval xabar qilinganidek, 2026-yil 10-avgust kuni Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasidagi Nijnekamsk shahrida joylashgan qator obyektlarga uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) orqali hujum sodir bo‘lgan.
Hodisa oqibatida Nijnekamsk shahridagi qurilish korxonasida ishlagan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan, bir qator fuqarolarimiz esa turli darajada tan jarohatlari bilan shifoxonalarga joylashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga muvofiq tashkil etilgan Hukumat komissiyasi doirasida Tashqi ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Migratsiya agentligi va boshqa mas’ul idoralar tomonidan halok bo‘lgan fuqarolarning jasadlarini Vatanga olib kelish, jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish hamda ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.
Jumladan, O‘zbekiston fuqarolariga zarur yordam ko‘rsatish maqsadida O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi B. Asadov hamda O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsuli N. Qosimov zudlik bilan voqea joyiga borib, mahalliy mas’ul idoralar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Natijada, 12-avgust kuni maxsus aviareys orqali halok bo‘lgan fuqarolarning jasadlari O‘zbekistonga olib kelinishi ta’minlandi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mazkur holat bilan bog‘liq barcha masalalar, jumladan, jabrlangan fuqarolarga zarur yordam ko‘rsatish ishlari Rossiya tomoni bilan hamkorlikda nazoratga olingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 81217 | Инструменты