Huawei 1
Taniqli yapon aktyori O‘zbekistonning Yaponiyadagi turizm elchisi etib tayinlandi

O'zbekiston elchixonasi tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi bilan birgalikda yaponiyalik taniqli aktyor va boshlovchi Keysuke Minamini "O'zbekistonning Yaponiyadagi turizm elchisi" etib tayinlash va sertifikatni topshirish marosimi o'tkazildi.

Keysuke Minami joriy yilning aprel oyida Yaponiyaning eng mashhur sayyohlik ko'rsatuvi – "Asada! Namadesu tabi sarada"ning O'zbekistonga bag'ishlangan turkum ko'rsatuvlarini tasvirga olindi. U mazkur loyihani suratga olish uchun mamlakatimizga amalga oshirilgan ijodiy safari juda katta taassurot qoldirganini ta'kidladi.

Yapon aktyori Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Farg'ona, Marg'ilon shaharlarining tarixiy obidalari, milliy taomlari, mehmondo'st xalqi va ushbu hududlarda sayyohlar uchun yaratilgan qulayliklarni juda yuqori baholadi. Tashrif yakunlari bo'yicha tayyorlangan O'zbekistonning turizm salohiyatiga bag'ishlangan 5 qismli ko'rsatuv yapon tomoshabinlari orasida ham juda katta qiziqishga sabab bo'ldi.

Keysuke Minami bilan o'tkazilgan uchrashuv davomida elchixona bilan hamkorlikda Yaponiyada mamlakatimizning turizm salohiyati va O'zbekiston turizm brendini keng targ'ib qilish, sayyohlik loyihalarini amalga oshirish, yetakchi OAVda yurtimiz salohiyati haqida ko'rsatuvlar tayyorlash va maqolalar chop etish bo'yicha kelishib olindi.

"O'zbekistonning Yaponiyadagi turizm elchisi" etib tayinlanganimdan juda baxtiyorman, – dedi aktyor Minami Keysuke. – Menga bildirilgan ishonch juda katta mas'uliyat hamdir. Hozirgi kunda Yaponiyaning mashhur sayyohlik ko'rsatuvi "Tabi sarada"ning boshlovchisi sifatida ham faoliyat olib bormoqdaman. Ushbu ko'rsatuvning O'zbekistonga bag'ishlangan turkum sonlarini suratga olish maqsadida joriy yilning aprel oyida uch hafta mobaynida O'zbekistonda bo'ldim. Tashrif davomida o'zbek xalqining mehmondo'stligi va ochiq ko'ngilligiga qoyil qoldim. Shuningdek, O'zbekistonning Samarqand va Buxoro kabi shaharlaridagi qadimiy obidalarning go'zalligi meni o'ziga maftun etdi. O'zbek milliy taomlari, jumadan, osh menga juda yoqdi. Kelgusida O'zbekiston elchixonasi bilan birgalikda O'zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng targ'ib qilish bo'yicha ishlarni yanada jadallashtiramiz".

Keysuke Minami 1985-yilda Tokio shahrida tug'ilgan. Yaponiyaning mashhur Vaseda universiteti bitiruvchisi. Bir qancha yapon kino va seriallarida bosh rollarni ijro etgan. Yaponiyaning eng mashhur sayyohlik ko'rsatuvi – "Asada! Namadesu tabi sarada"ning asosiy boshlovchilaridan biri sifatida faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, u "Jahon tarixiy merosi" master sertifikatiga ega bo'lib, "Jahon merosi akademiyasi" (World Heritage Academy) lektori sifatida ishlaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91416 | Инструменты