Huawei 1
Shri-Lankada kapalak o‘g‘rilari 200 ming dollar jarimaga tortildi

Shri-Lankada yuzlab endemik hasharotlar, jumladan, 92 turdagi kapalaklarni o‘g‘irlashga uringan italiyalik ota-bola 200 ming dollar jarimaga tortildi, deb xabar beradi BBC.

Qayd etilishicha, joriy yilning 8 may kuni "Yala" milliy bog‘i reynjyerlari 68 yoshli Luiji Ferrari va uning 28 yoshli o‘g‘li Mattianing yonidan hasharotlar solingan idishlar topilganidan keyin hibsga oldi.

Tergov davomida aniqlanishicha, erkaklar sun’iy hid tarqatuvchi vositalar yordamida noyob hasharotlarni tutib kelgan. Sentyabr boshida ular hasharotlarni noqonuniy tutish, saqlash va tashishda aybdor deb topilib, mamlakatda yovvoyi tabiatga qarshi sodir etilgan jinoyat uchun belgilanadigan eng katta jarima jazosiga tortildi.

Bog‘ kuzatuvchisi Udjiva Nishantaning aytishicha, gumonlanuvchilar qo‘lga olingan kunda haydovchilardan biri yo‘lda "shubhali mashina" turgani va ikki erkak hasharotlarga qarshi to‘rlar bilan o‘rmon hududiga kirib ketgani to‘g‘risida xabar bergan.

Aytilgan joyga yetib kelgan reynjyerlar avtomobilni, uning yukxonasidan esa yuzlab bankalarga solingan hasharotlarda duch kelgan. 

"Biz ularni topganimizda, hasharotlarning barchasi nobud bo‘lgandi. Ular idishga kimyoviy modda quygan. U yerda 300 dan ortiq jonzot bor edi", — deydi Nishanta.

Avvaliga italiyalik erkaklarga nisbatan 810 ta ayblov e’lon qilingan, keyiroq ularning soni 304 taga tushirilgan. Ayblanuvchilar 24 sentabrga qadar jarimani to‘lmasa, ikki yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Mamlakat janubi-sharqida joylashgan "Yala" milliy bog‘i Shri-Lanka yovvoyi tabiatining eng mashhur maskanlaridan biri bo‘lib, u yerda leopardlar, fillar va boshqa hayvonlar yashaydi.

Oyoq va to‘piq jarohatlarini davolashga ixtisoslashgan ortoped-jarroh Luiji Ferrariga do‘stlari "hasharotlarni yaxshi ko‘radigan inson" sifatida ta’rif bergan. Shuningdek, u Italiya shimolidagi Moden shahri entomologlar assotsiatsiyasi a’zosi hisoblanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91815 | Инструменты