Mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish uchun samarali tashqi siyosat olib borish, do‘st va hamkorlarimiz doirasini kengaytirish, yaqin qo‘shnilarimiz bilan mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish o‘ta muhim vazifadir.
Shu maqsadda Prezident Tashqi siyosat konsepsiyasini yangi tahrirda qabul qilish zarurligini taʼkidladi.
Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yana-da mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash tashqi siyosatda ustuvor yo‘nalish bo‘lib qoladi. Kelgusi yili yurtimizda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo beshligi” uchrashuvi shu yo‘ldagi yana bir ulkan amaliy qadam bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda fuqarolarimiz Qirg‘izistonga ID karta bilan bemalol borib-kelmoqdalar. Endi shunday tartibni Qozog‘iston va Tojikiston bilan ham joriy etish rejalashtirilgan.
Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda boshqa yetakchi hamkor davlatlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliya institutlari bilan samarali va tizimli aloqalarni yana-da rivojlantirish doimo eʼtibor markazida bo‘lishi taʼkidlandi.
Prezidentimiz fursatdan foydalanib, bugungi yig‘ilishda ishtirok etayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillarini samimiy qutladi, islohotlarimizni chin dildan qo‘llab-quvvatlab kelayotgani, hududlarimizga chiqib, yangilanish va o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishib, o‘z davlatlaridagi tajribalar bilan o‘rtoqlashayotgani uchun xalqimiz nomidan minnatdorlik bildirdi.
Bugun butun dunyo nihoyatda notinch va tahlikali vaziyatda davlatimizning mustaqilligi va suverenitetini, xalqimizning tinch va erkin hayotini eng bebaho boylik sifatida asrash va himoya qilish eng muhim vazifa bo‘lib qolishi taʼkidlandi.
“Hech qachon unutmasligimiz zarur: mamlakatimiz xavfsizligi, yurtimiz mudofaasi nafaqat Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish idoralari, balki O‘zbekistonni o‘zi uchun ona Vatan deb biladigan, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, barcha insonlarning muqaddas burchidir.
Buning uchun yagona Vatan, ko‘p millatli yagona ahil oila tuyg‘usi har birimizning qalbimiz, yuragimizdan chuqur joy olishi lozim”, - dedi Prezident.
Dunyoda turli xatar va tahdidlar avj olib borayotgan hozirgi sharoitda Qurolli Kuchlarimizning jangovar va maʼnaviy salohiyatini oshirishga eʼtibor yana-da kuchaytirilishi belgilandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112014 | Инструменты