Prezident raisligida eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024-yilda turgan vazifalar bo‘yicha yig‘ilish bo'lib o'tdi.
Yig'ilishda sanoat zonalarini infratuzilma bilan taʼminlash holati tahlil qilindi.
O‘tgan yili bunga byudjetdan ajratilgan mablag‘ning 30 foizdan ziyodi infratuzilmaga masʼul korxonalar, ayniqsa, hududiy elektr tarmoqlari loyihalar bo‘yicha ishlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagani hamda moliyalashtirishdagi kechikishlar oqibatida ishlatilmay qolgan.
Davlat rahbari hududlardagi shu kabi kamchiliklarni aniq misollar bilan ko‘rsatib, infratuzilma uchun masʼul mutasaddilar va hokimlarning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlarini qattiq ogohlantirdi.
Umuman, sanoat zonalarini rivojlantirish bo‘yicha yangi tajriba amalga oshirilishi belgilandi. Xususan, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatidagi maxsus sanoat zonalarining 240 gektar maydoni xorijiy kompaniyalarga autsorsing asosida boshqaruvga beriladi.
Joriy yilda maxsus iqtisodiy hududlarda 309 ta yirik loyihalarni ishga tushirib, 40 mingta ish joyi yaratish, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish muhimligi qayd etildi.
Yig‘ilishda o‘tgan yili xomashyo, material va tayyor mahsulotlarning tashqi savdo dinamikasi tahlil qilindi.
Mavjud resurslar, ayniqsa, oziq-ovqat sanoatidagi imkoniyatlarimizni ishga solib, ichki bozorni to‘ldirish uchun salohiyat yuqoriligiga qaramay, qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari hajmi o‘tgan yili Surxondaryoda 16 foiz, Andijonda 21 foiz, Jizzaxda 3 foizga kamaygani ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Navoiy va Samarqandda ishlab chiqarilgan makaron mahsulotlari hajmi hududiy ehtiyojni yarmini ham qoplamaydi.
Mutasaddilarga viloyat hokimlari bilan birgalikda 25 turdagi oziq-ovqatni o‘zimizda ishlab chiqarishni boshlash topshirildi. Bu korxonalarda xalqaro standartlar joriy etiladi, ularga xorijdan malakali texnolog va marketologlar jalb qilinadi.
Shuningdek, masʼullarga xorijiy brendlar bilan hamkorlikda O‘zbekistonda bir qator oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish topshirildi.
Vazirlar Mahkamasi oldiga hududlarda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish dasturini qabul qilish vazifasi qo‘yildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61913 | Инструменты