Huawei 1
Xalqaro logistika reytingida bojxona ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston 140-o‘rindan 74-o‘ringa ko‘tarilgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni bojxona faoliyatini takomillashtirish va raqamlashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy aloqalarni yaxshilash maqsadida bu sohada ko‘p ishlar qilindi. O‘nga yaqin davlatlar bilan oldindan axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi, bojxona rasmiylashtiruvi va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari tashkil etildi. 4 ta yirik bojxona postida terminallar qurildi, 20 dan ziyodi yangi uskunalar bilan ta’minlandi. Tadbirkorlar uchun 35 ta axborot tizimi joriy qilinib, eksport jarayonlari 9 bosqichdan 3 bosqichga tushdi.

Bularning natijasida chegara orqali transportlar harakati 8 barobar ko‘payib, qariyb 5 milliontaga yetdi. Byudjetga tushumlar 9 barobar o‘sib, o‘tgan yili 63 trillion so‘mdan oshdi. Yuklarni rasmiylashtirish vaqti importda 3 soat, eksportda 20 daqiqagacha qisqardi.

Umuman, tizim soddalashtirilishi orqali 6 mingga yaqin eksportyor hamda 20 mingga yaqin importyorning sarf-xarajati va vaqti tejalgan. Xalqaro logistika reytingida bojxona ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston 140-o‘rindan 74-o‘ringa ko‘tarilgan.

Lekin hali raqamlashtirish, jarayonni tezlashtirish va qulaylashtirish bo‘yicha vazifalar ko‘p. Taqdimotda shu boradagi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.

So‘nggi yillarda bojxona hududida qayta ishlash turlari kengaytirilgani samarasida bu tarzda eksport qilingan tovarlar ulushi o‘tgan yili 1 milliard dollardan oshgan. Bu tizimni yanada soddalashtirib, shu yilning o‘zida eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish mumkin.

Qo‘shni davlatlar bilan savdo va turizm aloqalari kengayib borayotgani tufayli chegaradagi yo‘lovchilar va avtotransport oqimi kamida 2 karra oshishi kutilmoqda. Bu qo‘shimcha infratuzilma yaratib, postlarda o‘tkazuvchanlikni oshirishni talab qiladi.

Jumladan, xalqaro qatnovlarni ko‘paytirish maqsadida avtobuslarda ham, aviareyslardagidek, yo‘lovchilar haqidagi ma’lumotlarni oldindan olish tizimi ko‘zda tutilmoqda. Natijada avtobuslar chegaradan soddalashgan tartibda o‘tkazilib, rasmiylashtirish vaqti 2 barobar qisqaradi. Shuningdek, eng yirik bojxona postlarida yengil avtomobil va avtobuslar uchun qizil va yashil yo‘laklar joriy qilish taklif etilmoqda.

Bojxona kuzatuvida sun’iy intellektni keng qo‘llash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda Jahon banki mutaxassislari ko‘magida “xavf tizimi” takomillashtiriladi. Bu tizim moliyaviy barqarorlik, savdo tarixi kabi 122 ta mezon bo‘yicha tadbirkorlarning ishonchlilik darajasini baholaydi. Shuningdek, rentgen tasvirlari sun’iy intellekt asosida tahlil qilinib, xavfli tovarlar avtomatik aniqlanadi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, sohada xalqimiz uchun yengilliklar yaratish, tadbirkorlar va turistlarga tezkor xizmat ko‘rsatish zarurligini ta’kidladi. Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida bunga bojxona qonunchiligini to‘liq muvofiqlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Bojxona instituti salohiyatini oshirish, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, tahlika-tahlil bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash, dual ta’limni kengaytirib, amaliyotni yaxshilash muhimligi qayd etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22423 | Инструменты