30-apreldagi referendumda qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida"gi konstitutsiyaviy qonuni 1-maydan kuchga kirdi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi xabar qildi.
Keltirilishicha, shu kundan e’tiboran boshqa qonunlar va qonunosti hujjatlarida keltirilgan normalar konstitutsiyaga zid bo‘lsa, sudlar konstitutsiyaga qarab qaror qabul qiladi.
Qonunga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi referendum o‘tkazilgandan keyin 10 kundan kechiktirmay o‘z qarorini rasmiy veb-saytda va rasmiy manbalarda e’lon qiladi.
Referendumda qabul qilingan qaror (qonun) Markaziy saylov komissiyasi referendum natijalari rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Referendum yakunlari rasmiy e’lon qilingan kuni qaror ijrosini tashkil etish uchun Oliy Majlis palatalari va prezidentga yuboriladi. Ushbu hujjatning to‘liq matni bilan bu yerda tanishish mumkin.
1-may kuni Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekistonda o‘tgan referendumning yakuniy natijalarini e’lon qilgandi. Unga ko'ra, referendumda ovoz bergan fuqarolar 16 667 097 yoki umumiy saylovchilarning 84,50 foizini tashkil etdi.
15 034 608 nafar fuqaro yoki ovoz berishda qatnashganlarning 90,2 foizi yangi tahrirdagi Konstitutsiyani yoqlab ovoz berdi. Qarshi ovoz berganlarning soni 1 558 817 tani yoki saylovchilarning 9,35% ni tashkil qildi. 73 672 ta byulleten haqiqiy emas deb topildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112900 | Инструменты