Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Yashil iqlim jamg‘armasi (YaIJ) ijrochi direktori Mafalda Duarte o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda M.Duarte O‘zbekiston hukumatiga samimiy qabul, shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasiga tanishuv safari tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirib, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasida olib borilayotgan taqdim etilgan loyiha va islohotlar muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, u barqaror qishloq xo‘jaligi, suvdan oqilona foydalanish muhimligi va Orolbo‘yi rivojida fermerlarning muhim o‘rin tutishini qayd etdi.
O‘z navbatida, A.Abduhakimov Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi O‘zbekistonning “yashil” tashabbuslari, jumladan, Orol dengizining qurib qolgan tubidagi 2 million gektar maydonni ko‘kalamzorlashtirish hamda respublikamizning barcha hududlarida har yili 200 million tup daraxt ko‘chatlarini ekishga mo‘ljallangan “Yashil makon” umummilliy loyihasiga e’tibor qaratdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning “yashil” rivojlanish sohasidagi joriy loyihalari ham muhokama qilindi. YaIJning Markaziy Osiyoda mintaqaviy vakolatxonasini ochishi tashabbusi alohida qiziqish uyg'otdi — O'zbekistonning mezbon sifatida tanlanishi mumkin.
Tomonlar Orolbo‘yida ekoturizmni rivojlantirish, jumladan, Qoraqalpog‘istonda iqlim muzeyini tashkil etish va bioxilma-xillikni saqlash dasturlarini qo‘llab-quvvatlash loyihasini ishga tushirish g‘oyasiga alohida e’tibor qaratdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni kengaytirishdan oʻzaro manfaatdor ekanliklari ta’kidlandi, istiqbolli tashabbuslar boʻyicha ekspert baholari almashinuvini yoʻlga qoʻyishga kelishildi hamda konstruktiv va samarali hamkorlikni davom ettirishga umid bildirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 53105 | Инструменты