11-noyabr – O'zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari kuni deb belgilandi
Oliy majlis Senatining to'qqizinchi yalpi majlisida “O'zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari kunini belgilash to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni ko'rib chiqildi.
Ta'kidlanganidek, kasaba uyushmasi – fuqarolarning o'z faoliyati yoki o'qishi turi bo'yicha umumiy kasbiy manfaatlari bilan bog'liq bo'lgan, ularning mehnatga oid, boshqa ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish maqsadida tuziladigan, o'z ustavi asosida faoliyat ko'rsatadigan ixtiyoriy jamoat birlashmasidir.
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tarkibiga kiruvchi 14 ta tarmoq kasaba uyushmasi 32,5 mingdan ziyod boshlang'ich tashkilotlarni birlashtirgan, a'zolar soni 5.5 millionni tashkil etib, ulardan 2,5 millioni ayollar hamda 2 milliondan ortig'i 30 yoshgacha bo'lgan yoshlardir.
O'zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to'g'risida”gi Qonun bilan ushbu tuzilmalarga qo'shimcha huquqlar berilgan. Kasaba uyushmalari ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni tuzishda qatnashish, bandlik, mehnat muhofazasi masalalarida o'zlarining fikrlarini davlat organlariga taqdimnoma shaklida kiritish kabi huquqlarga ega.
Yangi Qonun bilan 11 noyabr – O'zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari kuni, deb belgilanishi xalqimizning ko'p millionli vakillarini o'zida birlashtirgan tizim xodimlarining hamjihatligi, birdamligini yanada mustahkamlaydi.
Ayni damda respublikamizda Qonun bilan tasdiqlangan 25 ta bayram belgilangan bo'lib, 9 tasi dam olish kunlari, 16 tasi esa dam olmasdan nishonlanadigan kasb bayramlaridir.
Bu kabi bayramlar Avstriya, AQSH, Gretsiya, Indoneziya, Kanada, Latviya, Singapur, Fransiya, Xitoy, Shveysariya kabi davlatlarda, shuningdek, Qozog'iston, Qirg'iziston kabi MDH davlatlarida nishonlanib kelinmoqda.
Qonunning qabul qilinishi kasaba uyushmalari tashkilotlarini, eng avvalo, ma'naviy qo'llab-quvvatlash, ularning yanada samarali faoliyat yuritishni ta'minlash, tashkilot fidoyi xodimlarini rag'batlantirishga xizmat qiladi. Bu esa mehnatkashlar huquqlari himoya qilinishi yuzasidan jamoatchilik nazorati ta'sirchanligini oshirishga zamin yaratadi.
Majlisda ushbu sana mehnatkashlar huquqlarining himoya qilinishiga davlat miqyosida katta e'tibor berilayotganining yana bir ifodasi bo'lishi alohida ta'kidlandi.
Senat a'zolari mazkur Qonunni ma'qulladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50720 | Инструменты