So‘nggi kunlarda poytaxt aeroportida naqd xorijiy valyutalarni yashirincha olib chiqishga bo‘lgan urinishlar ortdi. Bojxonachilar salkam 110 ming AQSH dollari miqdoridagi naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib chiqilishiga chek qo‘ydi.
Jumladan, Nyu Yorkka parvozi oldidan yo‘lovchilardan biri qo‘l sumkasidagi 42 ming 200 AQSH dollari haqida bojxona xodimlariga na og‘zaki, na yozma tarzda maʼlum qilgan.
Istanbulga uchib ketayotgan 2 nafar yo‘lovchilardan birining 19 ming 900 AQSH dollarini, ikkinchisining esa 18 ming 200 AQSH dollarini qo‘l sumkalarida bamaylixotir olib chiqishga urinishlari naf bermadi.
Yangi yilning ilk kunida esa Pekinga safarga otlangan xorijiy fuqaro yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida maʼlum qilmasdan turib, 12 ming 200 AQSH dollarini olib chiqayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.
Shuningdek, bojxona xodimlari Bishkekka uchib ketayotgan yo‘lovchining 4450 AQSH dollari va Nyu Yorkka uchib ketayotgan yo‘lovchining 11 ming 810 AQSH dollarini noqonuniy olib chiqishga bo‘lgan urinishini bartaraf etdi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda. Raqamlarga ko‘ra, respublikamiz bojxonachilari o‘tgan 2024 yilda 37,5 milliard so‘m ekvivalentidagi valyuta qimmatliklarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘ydi.
Maʼlumot o‘rnida aytish joiz, amaldagi qonunchilikka ko‘ra jismoniy shaxslar faqatgina ekvivalenti 100 million so‘mga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd valyuta mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga bojxona nazorati qoidalariga rioya etilgan holda cheklovlarsiz olib chiqishlari mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10817 | Инструменты