Shvetsiyada so‘nggi haftalarda Tesla va boshqa elektromobil egalari kompaniyaning Supercharger elektr zaryadlash stansiyalarida uzoq vaqt navbatda turishga majbur bo‘lmoqda. Bunga Tesla kompaniyasiga qarshi ish tashlashlar fonida 100 dan ortiq stansiya elektr energiyasidan uzib qo‘yilgani sabab bo‘lmoqda.
Shvetsiyada Tesla kompaniyasiga qarshi ish tashlashlar bir yildan ortiq davom etmoqda. Jarayonga mamlakatning eng yirik avtomobil va metall ishlab chiqaruvchilari kasaba uyushmasi IF Metall rahbarlik qilmoqda. Nafaqat Tesla ishchilari balki, ular bilan birdamlik sifatida elektr tarmoqlari operatorlari ham kompaniyaga o‘z noroziligini bildirib, yangi Supercharger stansiyalari ochilishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Supercharger stansiyalaridan biridagi navbatlar aks etgan videoga Tesla kompaniyasining zaryadlash bo‘yicha direktori Maks de Zeger munosabat bildirdi. Uning aytishicha, vaziyat tufayli 100 dan ortiq yangi stansiya elektr ta’minotisiz qolganiga qaramay, kompaniya hamon yangi stansiyalarni ochish ustida ish olib bormoqda.
Shu bilan birga, de Zeger hozircha zaryadlash stansiyalarini ishga tushirishning aniq yo‘li yo‘qligini ta’kidladi. U haydovchilar kutish zaruratidan aziyat chekayotganini, bu esa mamlakat elektromobil infratuzilmasining boshqa hududlardan orqada qolishiga sabab bo‘layotganini qo‘shimcha qildi. Kompaniya vakili jamoatchilikni muammoni hal qilish uchun hukumatga murojaat qilishga chaqirdi.
O‘z navbatida IF Metall ish tashlashga barham berish shartini eslatgan.
“Tesla Sweden kollektiv shartnomani imzolasa, ish tashlash ham, birdamlik sifatida ish tashlash ham darhol to‘xtatiladi”, — deydi IF Metall vakili.
Ish tashlash sababi
Shvetsiyadagi Tesla kompaniyasining 100 dan ortiq xodimiga vakillik qiluvchi IF Metall Tesla’dan ijtimoiy kafolatlar to‘g‘risidagi hujjatni imzolashni talab qilmoqda, ammo kompaniya bundan bosh tortmoqda. The Guardian gazetasining yozishicha, Shvetsiyadagi boshqa soha xodimlari ham ish tashlashga qo‘shilgan: port ishchilari dengiz orqali keltirilgan avtomobillarni qabul qilmayapti, pochta xizmati avtomobil raqamlarini yetkazib bermayapti, elektr operatorlari esa quvvatlash stansiyalariga xizmat ko‘rsatmayapti. Shvetsiyada bunday “birdamlikda ish tashlash”ga ruxsat berilgan. Tesla rahbari Ilon Mask esa ishchilarning harakatlarini “aqlsizlik” deb atagan.
Tesla Shvetsiyada sudga bir necha da’vo arizasini taqdim etdi. Ulardan birida sud kompaniyaga transport agentligidan avtomobil raqamini to‘g‘ridan to‘g‘ri (pochtaning ishtirokisiz) olishga ruxsat berdi.
World Resources Institute tadqiqot tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Shvetsiya nisbatan kichik mamlakat bo‘lishiga qaramay, sotilayotgan avtomobillarning umumiy sonida elektromobillar ulushi yuqori bo‘lgan top uch davlat qatoriga kiradi: 32 foiz. Faqat Norvegiya (80 foiz) va Islandiya (41 foiz) undan oldinda. The New York Times yozishicha, Shvetsiyada Tesla ishqibozlarining soni oshib bormoqda, Germaniyada ishlab chiqarilayotgan Model Y mamlakatda eng ko‘p sotilgan elektromobillardan biri hisoblanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10909 | Инструменты