2021/2022 o‘quv yilidan to‘lov-kontrakt asosida o'qish uchun ta’lim krediti ajratishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab respublikadagi barcha oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shaklida hamda magistratura bosqichida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish uchun ta’lim krediti ajratishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so'z boradi.
Qarorga muvofiq, ta’lim kreditlari bo‘yicha tijorat banklarini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash uchun Moliya vazirligi huzurida Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi tashkil etilgan. Jamg‘armaga Davlat budjetidan 2021 yilda kamida 1 trln so‘m, keyingi yillarda haqiqiy talabdan kelib chiqib mablag‘lar ajratiladi.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi hisobidan oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlarini ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Unda quyidagilar ko'zda tutiladi:
- ta’lim kreditlari bo‘yicha yuzaga keladigan kredit tavakkalchiligini Moliya vazirligi va tijorat banklari o‘rtasida taqsimlash hamda Jamg‘armadan ajratilgan mablag‘larning bir qismini tijorat banklari tomonidan garov depoziti sifatida qabul qilish;
- respublikadagi davlat oliy ta’lim muassasalari, xususiy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallari talabalariga kontrakt to‘lovlari uchun kredit ajratish;
- Jamg‘arma tomonidan ta’lim kreditlari uchun mablag‘lar ajratishda, tijorat banklariga qo‘yiladigan muvofiqlik mezonlarini o‘rnatish.
Ta’lim kreditlari tijorat banklari tomonidan oliy ta’lim tashkilotlarining kunduzgi ta’lim shaklida bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va magistratura mutaxassisligiga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan yoki qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan talabalarga beriladi.
Bunda kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, eri yoki xotini) yoki vasiylari ta’lim krediti shartnomasida birgalikda kredit oluvchi sifatida qatnashishlari mumkin.
Belgilanishicha:
- tijorat banklari ta’lim kreditlarini Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratadi;
- ta’lim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi;
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalarning farzandlariga ajratiladigan ta’lim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab etilmaydi.
Bundan tashqari, nizom bilan tijorat banklariga qo‘yiladigan muvofiqlik mezonlarini o‘rnatish va ularga mablag‘lar ajratish tartibi, kreditlarni rasmiylashtirish va berish tartibi, shuningdek kreditni va qaytarish va monitoringni amalga oshirish tartibi belgilangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120715 | Инструменты