2022 yilgi Navro‘z bayrami umumxalq sayllari shaklida o‘tkaziladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Mazkur hujjatda 2022 yilgi Navro‘z umumxalq bayrami mamlakatda "Assalom, Navro‘z — yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!" degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayllari shaklida yuqori saviyada nishonlash ko‘zda tutilgan.
Bosh vazir rahbarligida tashkiliy qo‘mitaga hududlarda, shahar va qishloqlarda Navro‘z bayramining umumxalq sayillari shaklida keng nishonlanishini ta’minlash yuklatilgan. Jumladan, Toshkentdagi «Yangi O‘zbekiston» majmuasida alohida dasturlar asosida xalq sayillari tashkil etiladi.
Bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama e’zozlash, Mehribonlik va Muruvvat uylari tarbiyalanuvchilari, Saxovat uylarida yashayotganlar, «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va «Mehr daftari»ga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, «Yashil makon» umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni uyushtirish rejalashtirilgan. Navro‘z umumxalq bayrami arafasida respublikaning barcha hududlarida, har bir ko‘cha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirishga qaratilgan umumxalq hasharlari o‘tkaziladi.
Bayram tadbirlari bo‘lib o‘tadigan joylarda hunarmandchilik ko‘rgazmalari, milliy sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish, kitob rastalari, ko‘chma savdo do‘konlarini tashkil qilish belgilandi. Shu bilan birga, ko‘klam taomlari tayyorlanib, ularning savdosi yo‘lga qo‘yiladi.
Barcha tadbirlar karantin qoidalari va jamoat xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilgan holda o‘tkaziladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120407 | Инструменты