2022 yilning birinchi choragida 76 nafar sudya lavozimga tayinlandi, 22 nafari vazifasidan ozod etildi, 80 nafari esa intizomiy javobgarlikka tortilgan
2022 yilning 1-choragida 76 nafar sudya lavozimga tayinlandi. Shuningdek, 25 mart holatiga ko'ra, sud tizimida vakant o‘rinlar soni 38 ta (2,9 foiz)ni, Respublika bo‘yicha sud tizimida sudyalik lavozimida ishlayotgan sudyalar soni 1292 nafarni tashkil etdi. Bu haqda AOKAda Sudyalar oliy kengashi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, 2022 yilning birinchi choragida esa 22 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilib, vazifasidan ozod etilgan bo‘lsa, intizomiy javobgarlikka tortilganlar 80 nafarni tashkil etdi.
Shuningdek, 2021 yilda vakolat muddati tugagan 12 nafar sudya navbatdagi muddatga noloyiq deb topilgan bo‘lsa, 2022 yilning birinchi choragida bu miqdor 4 nafarni tashkil etdi.
Sudyalar daxlsizligini ta’minlash, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashlarning oldini olish va kerakli choralar qo‘llash ham Sudyalar oliy kengashining ustuvor vazifasi hisoblanadi. 2022 yil birinchi choragida sudyalar daxlsizligi buzilishining va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashish bo‘yicha holat qayd etilmadi. Biroq sudyalar daxlsizligiga ta’sir o‘tkazishi ehtimoli yuz bergan holatlar bo‘yicha Kengash matbuot xizmati tomonidan 3 marta bayonot berilib, voqelikka munosabat bildirildi.
Ma’lumot o‘rnida, World Justice Project tashkiloti 2021 yilgi Huquq ustuvorligi indeksi natijalarini e’lon qildi. Tadqiqotlar COVID-19 pandemiyasi sabab 74,2 foiz mamlakatda huquq ustuvorligi ko‘rsatkichlari pasayganini ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonga berilgan baholar esa 4,1 foizga oshdi, natijada 139 ta davlat orasida 85 o‘rinni egalladi. Bu esa sud-huquq sohasida amalga oshirlayotgan islohotlarning amalda ijobiy tomonga o‘zgarganligidan dalolat beradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51119 | Инструменты