Huawei 1
2023-yilda qurilish sohasida 76 mlrd so‘mlik ishlar sifatsiz bajarilgani ma'lum bo'ldi

Bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadov raisligida Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika shtabining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda 2023-yilda davlat dasturlari ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar, kamchilik va salbiy holatlar muhokama qilindi.

Xususan, o‘tgan yilda byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan 14 273 ta obyektda kapital qurilish tadbirlari amalga oshirildi.

Buning natijasida 1 876 ta maktab, 414 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti va 522 ta tibbiyot muassasasida qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlari bajarildi.

Hududlardagi 14 376 km ichki va umumfoydalanuvdagi yo‘llar taʼmirlandi hamda 11 471 km suv tarmog‘i tortildi.

Biroq, amalga oshirilgan ishlar bilan birga vazifalar ijrosini taʼminlashda kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilganligi qayd etildi.

Davlat dasturidagi 47 ta obyektda qurilish-taʼmirlash ishlari muddatida bajarilmaganligi sababli ular foydalanishga topshirilmagan.

Qurilishda shaharsozlik meʼyorlariga rioya etilmaganligi oqibatida 3 716 ta holatda 76 mlrd so‘mlik ishlar sifatsiz bajarilgan va 1 639 ta holatda 74 mlrd so‘mlik ishlar hisobotlarga qo‘shib yozilgan.

Shu kabi, byudjet mablag‘laridan maqsadsiz foydalanish, obyektlarning loyiha-smeta hujjatlarini qimmat narxlarda ishlab chiqish yoki ortiqcha xarajat kiritish holatlari saqlanib qolayotganligi misollar bilan tanqidiy muhokama qilindi.

Yig‘ilishda bu kabi salbiy holatlarning kelib chiqishining sabablari muhokama qilinib, masʼullarning tushuntirishlari eshitildi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda 2024-yil uchun belgilab berilgan asosiy vazifalar ijrosini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Bunda obyektlar qurilishini muddatida va sifatli bajarish, ajratilgan mablag‘lardan tejamkorlik bilan foydalanish, loyiha-smeta hujjatlarini to‘g‘ri ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82504 | Инструменты