2023-yilning so‘nggi ikki oyi turli xil ob-havo hodisalari bilan kuzatildi.
Noyabr oyi O‘zbekistondagi meteorologik kuzatuvlarning barcha yillarida eng issiq noyabr oyi reytingida birinchi o‘rinni egalladi.
Dekabr oyi ham g‘ayrioddiy bo‘ldi. O‘zbekistonda qish oylarida haroratning o‘zgarib turishi odatiy hodisadir, ammo joriy yilning dekabr oyida “haroratning o‘zgarishi” jiddiy siljidi.
Dekabr oyining boshida va uchinchi o‘n kunlikning o‘rtalarida havo harorati 18-23° iliqqacha, janubda 24-26° iliqqacha ko‘tarildi.
12-14-dekabr kunlari davrida esa respublika hududiga Arktika hududlaridan sovuq to‘lqin kirib keldi. Kechalari havo harorati 16-21° sovuqqacha, shimolda ba’zi joylarda 22-25° sovuqqacha pasaydi.
Sovuq ob-havo kunduz kunlari ham saqlanib turdi, havo harorati 7-12° sovuq, shimolda 15-17° sovuq atrofida bo‘ldi.
Sovuq Samarqand viloyatiga biroz va Qashqadaryo viloyatlariga, shuningdek, Farg‘ona vodiysi hududiga qisman ta’sir ko‘rsatdi, havo harorati kechalari 6-11° sovuqqacha, kunduz kunlari 0-4° sovuqqacha pasaydi. Respublikaning eng chekka janubiy hududlariga sovuq deyarli ta’sir ko‘rsatmadi.
Keskin sovuqqa sabab bo‘lgan sovuq antisiklon O‘zbekiston hududini tezda tark etdi. Qattiq sovuqlar 2-3 kun davom etdi, so‘ng havo harorati dekabr oyi uchun bo‘lgan me’yoriy qiymatlarga qaytdi.
Respublika hududining katta qismida kunduzgi eng yuqori va eng past harorat o‘rtasidagi farq 30-35° ni tashkil etdi. Shunday qilib, Toshkentda 4-6 dekabr va 23-25-dekabr kunlari kunduzgi havo harorati 19-22° iliqqacha ko‘tarildi, 12-13 dekabr kunlari esa 5-8° sovuqqacha pasaydi.
Meteorologik kuzatuvlar tarixi davomida dekabr oyida bundan ham past havo harorat kuzatilgan. Bu oyda minimal haroratning mutlaq qiymatlari 22-27° sovuqni, ba’zi joylarda 29-32° sovuqqachani tashkil etadi.
So‘nggi 30 yil ichida haroratning eng past qiymatlari 2012-yil dekabr oyida qayd etildi, barcha joylarda ular 2023-yil dekabr oyiga nisbatan pastroq bo‘ldi.
Biroq, 2023-yil 13-dekabr kuni Toshkentda dekabr oyining minimal harorati 15,9° sovuq qayd etilgan, bu so‘nggi o‘ttiz yil ichida eng past harorat bo‘ldi.
Ikkinchi o‘n kunlikda sovuq to‘lqin sezilarli darajada bo‘lishiga qaramay, dekabr oyining o‘rtacha oylik harorati me’yoriy qiymatlardan 1,5-2° ga, janubda 2,5-3° ga yuqori bo‘ldi.
2023-yil dekabr oyi quruq bo‘ldi. Hududning katta qismida yog‘ingarchilik dekabr oyning oylik me’yordan yarmidan kam bo‘ldi. Faqat Toshkent va Namangan viloyatlarining ayrim tog‘ oldi va tog‘li hududlarida yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yorga yaqin bo‘ldi.
Tekislik hududlarda yog‘ingarchilik yomg‘ir ko‘rinishida yog‘di. 11-12-dekabr kunlari yomg‘ir qorga aylandi va respublika bo‘yicha ba’zi joylarda balandligi 1-5 sm, Toshkent viloyatida 9-11 sm gacha bo‘lgan qor qoplami hosil bo‘ldi. Yomg‘ir qorga aylanishi oy oxirida ham kuzatildi, ammo bunda qor qoplami hosil bo‘lmadi.
Tog‘li hududlarda qor qoplamining balandligi oy oxiriga me’yordan 30% dan 75% gachani, Toshkent viloyatining ayrim tog‘li hududlarida 100-110% gachani tashkil etdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51419 | Инструменты