Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati 2024-yildagi noqonuniy holatlar bo'yicha ma'lumot berdi.
Qayd etilishicha, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda uni keltirib chiqarayotgan omil va sabablarini bartaraf etish yo‘nalishlardan biri sifatida faoliyat tashkil etilib, 12 254 ta tadbirkorlik subyektiga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatildi, davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatayotgan 60 mingdan ziyod tadbirkorlar faoliyatiga qonuniy tus berildi.
Bundan tashqari, tadbirkorlarning qonuniy faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilish hamda ularning huquq va manfaatlarining buzilishi bilan bog‘liq 190 ta jinoyatga barham berildi.
Soliq huquqbuzarligi to‘g‘risida tadbirkorlarni xabardor qilish hamda profilaktika choralari orqali jinoyat ishlari qo‘zg‘atmasdan 15,3 mlrd so‘m soliqlarning ixtiyoriy ravishda davlat byudjetiga to‘lanishi taʼminlandi.
Biroq, profilaktika hamda qonunchilikka muvofiq taqdim etilgan imkoniyatlardan foydalanmagan hamda soliq to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlashni davom ettirish bilan bog‘liq 1 625 ta holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, 800 mlrd so‘mdan ortiq soliqlar byudjetga undirildi.
Yashirin iqtisodiyotdagi hisobga olinmagan 20,6 ming ta holatlar rasmiy iqtisodiyotda aks ettirilishi taʼminlanib, shakllangan qo‘shimcha manbalar byudjetga undirildi.
Shuningdek, yashirin iqtisodiyotni shakllanishning turli sxemalari va kanallarini fosh etish, sifatsiz mahsulotlar ishlab chiqarish va muomalaga kiritish bilan bog‘liq qariyb 2 000 ta huquqbuzarlik aniqlanib, isteʼmolga yaroqsiz 141 mlrd so‘mlik mahsulotlarning muomalaga kiritilishining oldi olindi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-nazorat tadbirlari davomida 1 392 ta alkogol va tamaki mahsulotlarini noqonuniy muomalasining oldi olinib, bunda qariyb 65 mlrd so‘mlik spirt, alkogol va tamaki mahsulotlarini savdosiga chek qo‘yildi.
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish borasida ko‘rilgan choralar natijasida tamakining noqonuniy aylanmasi 22 foizdan 9 foizga, alkogolning yashirin aylanmasi 35 foizdan 18 foizga qisqardi.
Natijada, birgina tamakining aksiz solig‘i tushumi 31 foizga oshdi.
Farmatsevtika sohasidagi yashirin aylanmalar, sifatsiz hamda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini tayyorlash, saqlash va o‘tkazish bilan bog‘liq 387 ta jinoyat aniqlanib, 38,5 mlrd so‘mlik preparat hamda tibbiy buyumlar olib qo‘yildi.
Departament hamda Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishiga rioya qilishni taʼminlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida 2,8 trln so‘mlik xarajatlar maqbullashtirildi, 3,1 trln so‘mlik mablag‘larning noto‘g‘ri sarflanishining oldi olindi.
Energiya resurslarini talon-toroj qilinishining oldini olish borasida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv va tahliliy ishlar natijasida 1 200 dan ortiq holatda jami 600 mlrd so‘mdan ziyod tabiiy gaz va elektr energiyasini talon-toroji fosh etilib, huquqbuzarlik faoliyatini davom ettirishga chek qo‘yildi.
Bundan tashqari, Departament organlari tomonidan aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash maqsadida mahalliy hokimlik va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda fermer, dehqon va ishlab chiqaruvchilarning dehqon bozorlarida birinchi qo‘l tamoyili asosida savdoni amalga oshirishiga sharoit yaratilib, barcha dehqon bozorlarida jami 3 059 ta arzonlashtirilgan savdo rastalari doimiy faoliyat yuritishi tashkillashtirildi.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin prezident Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasini 2025-2035-yillarda rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20615 | Инструменты