2024-yilda iqtisodiy sudlar tomonidan birinchi instansiyada 436 102 ta ish ko‘rib chiqilib, hal etildi. Shundan daʼvogarlar foydasiga 27,5 trln so‘m undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan. Bu haqda Oliy sud xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan davrda eng ko‘p ishlar Toshkent shahar, Toshkent, Surxondaryo, Jizzax va Farg‘ona viloyatlari iqtisodiy sudlari tomonidan ko‘rib, hal etilgan.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilishga oid 68 567 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi hamda ular foydasiga 6,7 trln so‘m miqdorida mablag‘ undirilishi belgilandi.
Hisobot davrida iqtisodiy sudlarda ko‘rilgan ishlarning asosiy qismini banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish, mahsulot yetkazib berish, kommunal xizmat ko‘rsatish, to‘lovga qobiliyatsizlikka oid hamda kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar tashkil etdi.
Apellyatsiya tartibida 6 257 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 852 ta qaror bekor qilinib, 607 ta sud qarori o‘zgartirildi.
Kassatsiya tartibida 2 250 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 390 ta qaror bekor qilinib, 253 ta sud qarori o‘zgartirildi.
Taftish tartibida 2 360 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi. Quyi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 255 ta qaror bekor qilinib, 94 ta sud qarori o‘zgartirildi.
Oliy sudning iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hayʼati tomonidan taftish tartibida 426 ta ish ko‘rib chiqildi. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 136 ta qaror bekor qilinib, 30 ta sud qarori o‘zgartirildi.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin 2024-yilda mingga yaqin hokim qarorlari haqiqiy emas deb topilgani haqida xabar bergan edik. Hokim qarorini haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq ko‘rib tamomlangan ishlar soni 2 720 tani tashkil qilib, shundan jismoniy va yuridik shaxslarning 933 ta arizasi qanoatlantirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20617 | Инструменты