2027-yil yakunigacha aholining statistik registri shakllantiriladi — Prezident farmoni

Joriy yil 10-sentyabr kuni “Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasini tasdiqlash hamda ro‘yxatga olish ma’lumotlaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2027 yil yakunigacha aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalaridan foydalangan holda Milliy statistika qo‘mitasida aholi sonini hisoblash va e’lon qilib borish amaliyoti joriy etiladi.

Shuningdek, davlat organlarining aholiga oid ma’lumotlar bazalari o‘zaro muvofiqlashtiriladi va ma’lumotlarni doimiy yangilab borish uchun aholining statistik registriga integratsiya qilinadi.

Qayd etilishicha, aholining statistik registri “Kiberxavfsizlik markazi” tomonidan ekspertizadan o‘tkazilib, tegishli xulosa olinganidan so‘ng amaliyotga joriy etiladi va axborot tizimi xavfsizligi doimiy tartibda monitoring qilib boriladi.

Aholining statistik registridan alohida ruxsat berilgan xodimlar tomonidan faqat statistik maqsadlarda jamlanma statistik ma’lumotlarni shakllantirish uchun foydalaniladi. Bunda mazkur registrda yuritiladigan individual ma’lumotlardan davlat organlari hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligining statistik registri shakllantiriladi va undagi ma’lumotlarning doimiy ravishda yangilab borilishi ta’minlanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91515 | Инструменты