2030-yilga borib O'zbekistonda aholi soni 41 mlndan oshadi

O‘zbekiston aholisi soni 2030 yilga borib 41 mlndan oshadi. Bu haqda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, respublikada 2016−2021-yillar mobaynida tug‘ilishning keskin ortishi kuzatilgan. Go‘daklarning dunyoga kelishida 25−39 yosh oralig‘idagi ayollarning ulushi katta. 15−24 yosh oralig‘idagi ayollar ulushi deyarli bir maromda saqlanib kelayapti. 40 va undan katta yoshdagi ayollarning ulushi 1% dan kam. Ushbu holat shahar va qishloqlarda deyarli bir xil hisoblanadi.

2022-yil boshiga kelganda O‘zbekiston Respublikasi aholisi 35,3 million kishiga yetdi. Bu 2021-yil boshidagiga nisbatan 712 ming kishiga (2,1%) ko‘p degani. Aholi soni o‘sishining yuqoriligi tug‘ilishning o‘limga nisbatan ancha ko‘pligi bilan bog‘liq. 

2021-yilda 905 ming nafar go‘dak dunyoga kelgan. Hududlar bo‘yicha Samarqand (110 ming chaqaloq), Farg‘ona (99 ming chaqaloq), Qashqadaryo (97 ming chaqaloq) va Andijon (85 ming chaqaloq) viloyatida tug‘ilish nisbatan yuqori.

Prognozlarga ko‘ra, tug‘ilish sur’ati 2030-yilgacha bir maromda (o‘rtacha 900-950 ming) davom etadi va aholi soni 41 milllion nafardan oshadi. 2030-yilga borib, 18 yoshgacha bo‘lganlar va mehnatga layoqat yoshidan kattalar soni mos ravishda 2384 ming va 1447 ming kishiga o‘sishi kutilmoqda.

Aholi sonining oshishi birinchi navbatda sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimiga bosim o‘tkazadi.

Sog‘liqni saqlash. 2021-yil boshida mamlakatimizda 1232 ta shifoxona mavjud bo‘lib, har 10 000 kishiga 47 ta shifoxona o‘rni to‘g‘ri kelgan. Bu har 10 000 kishiga 197 nafarni tashkil etadi. Ushbu muassasalarda xizmat ko‘rsatgan barcha toifadagi shifokorlar soni 93 ming kishini tashkil qilgan. Bu har 10 000 kishiga 27 nafar shifokor yoki bitta shikoforga 370 kishi to‘g‘ri kelishini bildiradi. 

Ta’lim tizimi. 

2022-yil boshida 3-6 yosh oralig‘idagi bolalar soni 2855,2 ming nafarni tashkil qilgan. Prognozlarga ko‘ra, 2026-yilga borganda ularning soni 3567,3 ming nafarni, 2030-yilda esa 3631,9 ming nafarni tashkil etadi.

3-6 yosh oralig‘idagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishning erishilgan ko‘rsatkichlarini saqlab qolish uchun 1 million 400 ming nafar bola uchun maktabgacha ta’lim muassasalarida yangi o‘rinlar tashkil etish, malakali mutaxassis-tarbiyachilarni tayyorlash zarur.

Umuman qamrovni ta’minlash uchun byudjetdan qo‘shimcha 38,5 trln so‘m ajratilishi lozim bo‘ladi. Hududlar bo‘yicha tahlillarga asosan Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida kelajakda bolalar sonining o‘sish sur’ati yuqori bo‘ladi, lekin hozirgi kunda qamrov darajasi past ekanligini ko‘rish mumkin. 2030-yilga borib, 3-6 yosh oralig‘idagi barcha bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish natijasida 28 000 ta ish o‘rni tashkil etish mumkin.

Mamlakatimizda tug‘ilish darajasining nima sababdan yuqoriligi o‘rganish maqsadida PMTI tomonidan sentyabr-oktyabr oylarida so‘rov asosida tadqiqot o‘tkazildi. Unda 25-45 yosh oralig‘idagi 3 nafar va undan ko‘p farzandlari bor bo‘lgan,  Toshkent shahri va Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi 200 nafar ayol ishtirok etdi (N=200).
So‘rovnomada qator savollar qamrab olingan bo‘lib, ulardan quyidagi natijalar olindi:
Davlat statistika qo‘mitasisining ma’lumotlariga mos ravishda oilalarning katta qismi (onalarning 82,9%, turmush o‘rtoqlarining 81,0%) 3-4 nafar farzandi bo‘lishini hohlaydi.
Salomatligi (43,8%) hamda oilaviy sharoitining yaxshilanganligi (47,9%) farzandni dunyoga keltirishga qaror qilishdagi asosiy sabab sifatida ko‘rsatilgan.
Oilalarning 36,2%i umumiy holda yana farzandli bo‘lishni istagan bo‘lsada, 19,0% oilalar yana o‘g‘il farzandli, 14,3%i esa yana qiz farzandli bo‘lish istagini bildirgan.
Oilalarning 33,4% ida farzand kutilmaganda dunyoga kelgani aniqlandi.

Tug‘ilish darajasi yuqoriligining sabablari sifatida, shuningdek, diniy yondashuvlar ta’siri ham o‘rganildi. Ayollarning 86,9% i oilasida diniy yondashuvlarning farzand ko‘rishga ta’siri yo‘q, deb ko‘rsatgan. Ayollarning 12,1% i esa “juda ta’sir qiladi”, deb aytgan.

Shunday qilib, so‘rov natijalariga ko‘ra, tug‘ilish darajasining yuqoriligiga asosiy sabablar:
aholi daromadlarining oshishi;
aholi orasida ko‘p farzandlilik tendensiyasiga ijobiy qarashlarning shakllanishi;
tibbiy madaniyatning yetarli darajada emasligi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51502 | Инструменты