31-may kuni Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, daraxtlar ekish va parvarish qilish, “yashil bog‘”lar va “yashil belbog‘”larni barpo etish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining axboroti eshitildi.
Qayd etilganidek, loyiha doirasida joriy yilning bahor mavsumida qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2024- yil 7-martdagi farmoyishiga asosan joriy yilda jami 200 mln, shundan bahor mavsumida 125 mln tup ko‘chat ekilishi belgilangan bo‘lib, bahor mavsumida 138,1 mln tup (110,5 foiz) daraxt ko‘chatlari ekilgan.
Ko‘chatlarni agrotexnik talablarga mos ravishda ekish, ularni parvarishlash, sug‘orish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish tadbirlarini to‘g‘ri tashkil etishga qaratilgan joylarda 914 ta amaliy seminarlar o‘tkazilgan.
Ko‘chatlarni sug‘orish uchun 253 ta suv chiqarish quduqlari va 2906 km uzunlikda sug‘orish tizimlari o‘rnatilgan. Sug‘orish manbasi mavjud bo‘lmagan hududlarga sug‘orish uchun 991 ta maxsus texnikalar biriktirilgan.
Joriy yilning o‘tgan davrida 377 gektar maydonda ko‘chatxonalar tashkil etilib, ularda 120 mln nihol va ko‘chatlar yetishtirilgan. Hududlarda 747 ta ko‘chat savdo yarmarkasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Qo‘mita eshituvida amalga oshirilgan ishlar bilan birga qator kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilganligi qayd etildi.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra bahor mavsumida qariyb 600 mingdan ortiq ko‘chat sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan joylarga ekilishiga yo‘l qo‘yilgan. Ayrim vazirlik, idora va tarmoqlarda bu tadbirlarga yetarlicha eʼtibor qaratmagan.
Ekilgan ko‘chatlarni parvarish qilish, sug‘orish, payhon qilinishini oldini olish ishlari yetarli darajada amalga oshirilmagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50721 | Инструменты