Huawei 2
ACTIVIST loyihasi asoschisi, taniqli bloger Hojiakbar Nosirov 15 sutkaga qamaldi

Joriy yilning aprel oyida ijtimoiy tarmoqlarda ACTIVIST loyihasi asoschisi, taniqli bloger Hojiakbar Nosirovning savdo do‘konlarida sotilayotgan turli yogurt mahsulotlarining ba'zilari harom ekanligi bois ularni isteʼmol qilmaslik haqidagi fikrlarini aks ettiruvchi videolavha tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB rasmiy munosabat bildirdi.

O‘tkazilgan tekshiruv davomida Hojiakbar Nosirov o'zining Telegram kanalida keltirilgan videorolik orqali fuqarolarga ba'zi yogurtlarning tarkibida “karmin” moddasi mavjudligini aytib, ular haromligi, shuning ularni isteʼmol qilish mumkin emasligini ta'kidlagan. U bu xususidagi fikrlarini tegishli soha mutaxassislaridan xulosa olmagan holda o‘z tashabbusiga ko‘ra shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda bildirganligini maʼlum qilgan.

Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv jarayonida Hojiakbar Nosirovga nisbatan O‘zbekiston Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-3- (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) va 194-moddalariga (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi tomonidan unga nisbatan 15 sutka muddatga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

IIBB bayonotida aytilishicha, O‘zbekiston Konstitutsiyaning 25-moddasiga asosan har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik, shuningdek 27-moddasiga binoan shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqiga ega. O‘zbekiston fuqarolarining yuqoridagi kafolatlariga monelik qilish mumkin emas. Ayniqsa alohida shaxslarning o‘z tashabbusi orqali turli masalalarga diniy tus berish orqali o‘zgalarning shaxsiy hayotga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 35-moddasiga binoan, tadbirkorlik faoliyati subyekti o‘z ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan maʼlumotlarga raddiya berilishini sud tartibida talab qilishga haqli. Bunday maʼlumotlarga raddiya berilishi bilan bir qatorda ularning tarqatilishi oqibatida yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini va maʼnaviy zarar kompensatsiya qilinishini talab etishga haqli.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi.

Izohlar: 1
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga