Afrosiyob arxeologik obyekti yaqinida oʻrta asrlarga oid buyum qoldiqlari topildi
Afrosiyob arxeologik obyekti yaqinida kavlangan chuqurdan oʻrta asrlarga oid sopol buyum qoldiqlari, gʻisht va qabriston qoldiqlari topildi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda samarqandlik fuqaro A.V.Pavlenko Samarqand shahridagi Shohi-Zinda koʻchasidagi Afrosiyob arxeologik obyekti yaqinida yer qazish ishlari olib borilgani haqida xabar qilgan. 16-may kuni bu murojaat yuzasidan Madaniy meros agentligi viloyat madaniy meros boshqarmasi va arxeologiya instituti xodimlari oʻrganish olib borishgan.
Oʻrganish natijalariga koʻra, Afrosiyob arxeologik obʼyekti yaqinida obodonlashtirish bilan bogʻliq inshoot qurish uchun 9x9x2,5 metr oʻlchamdagi 180 metr kub yer kavlangan. Kavlangan chuqur oʻrganilganda oʻrta asrlarga oid sopol buyum qoldiqlari, gʻisht boʻlaklari va chuqurning yuqori qismida qabriston qoldiqlari aniqlangan.
“Qazish va qurilish ishlarini olib borgan tashkilot boʻyicha aniqlik kiritgan holda, ushbu tashkilotga nisbatan choralar koʻriladi”, - deyiladi xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51311 | Инструменты