Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.
Ushbu qonun loyihasi bilan trotuarlar, piyoda va velosiped yoʻlkalari hamda ularga tutash hududlarda barpo etilgan yashil maydonlarda avtotransport vositalarini yurgizishning (bundan maxsus avtotransport vositalari mustasno) oldini olishga qaratilgan normalar belgilanmoqda.
Shuningdek, aholi tomonidan yoʻl harakati ishtirokchilarining harakatiga toʻsqinlik qiluvchi noqonuniy toʻsiqlarni va boshqa qurilmalarni oʻrnatish holatlariga chek qoʻyish uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmoqda.
Majlisda “Sudlarning faoliyatiga oid konstitusiyaviy kafolatlar kuchaytirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda muhokama qilinmoqda.
Qonun loyihasi bilan “Sudlar toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining normalari yangi tahrirdagi Konstitusiyaga muvofiqlashtirilmoqda.
Jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi qonunga Sudyalar oliy kengashi tarkibi, xususan, Kengash raisi, rais oʻrinbosari, uning a'zolari va kotibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan saylanishi, shuningdek, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Sudyalar oliy kengashining raisi, rais oʻrinbosari etib saylanishi mumkin emasligi belgilab qoʻyilmoqda.
Shuningdek, shaxslarning nafaqat davlat organlari, balki boshqa tashkilotlarning ham qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi mustahkamlanmoqda. Aybsizlik prezumpsiyasi va “Habeas korpus” institutini yanada qaror toptirishga oid qoidalar aks etmoqda.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121721 | Инструменты