Germaniyaning Gamburg shahrida o‘tgan WBC tashkilotining 62-Konvensiyasida bir qator muhim masalalarni muhokama qilish barobarida yangi loyihalarga ham tamal toshi qo‘yildi.
Jumladan, WBC prezidenti Maurisio Suleyman Saudiya Arabistoni Ko‘ngilochar boshqarmasi rahbari Turki Al ash-Sheyx (Riyadh Season) bilan hamkorlikda katta masshtabdagi turnir tashkil etadi. Bunday turnirni bir paytlar Maurisioning marhum otasi — WBC tashkilotining avvalgi rahbari Xose Suleyman (1931-2014) orzu qilgan edi.
WBC Grand Prix turniri — bu o‘sib kelayotgan isteʼdodlarni yuzaga chiqarish, ularga yordam berish uchun mo‘ljallangan loyiha hisoblanadi. Unda jami 128 nafar bokschi 4 ta vazn toifasida ishtirok etadi. Bokschilar 26 yoshdan katta bo‘lmasliklari, shuningdek prof ringda 10 tadan ko‘p jangda ringga chiqmagan bo‘lishlari shart.
Mazkur turnirga 2025 yilning fevral oyida start beriladi. Dastlab 8 raunddan iborat 1/4 va 1/2 final bosqich janglari tashkil etiladi. Finallar esa 10 raunddan iborat bo‘lib, ularga Ar-Riyod (Saudiya Arabistoni) shahri mezbonlik qiladi.
WBC Grand Prix turniri janglari yarimengil, superengil, o‘rta va superog‘ir vazn toifalarida o‘tkaziladi.
Darvoqe, Gamburgdagi WBC Konvensiyasi doirasida Turki Al ash-Sheyx WBC talqini bo‘yicha "Yil kishisi" deb topildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121723 | Инструменты