Huawei 1
Al-Xorazmiy Xalqaro olimpiada maktabi tashkil etildi

Xalq ta'limi vazirligining saytida ma'lum qilinishicha, yurtimizda fan olimpiadalarini yanada ommalashtirish maqsadida so'nggi yillarda turli fanlardan Xalqaro fan olimpiadalarida muvaffaqiyat qozongan ko'ngilli yoshlar tomonidan O'zbekistonda Al-Xorazmiy Xalqaro olimpiada (onlayn) maktabi tashkil etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yanvar oyida akademiklar va yosh olimlar bilan uchrashuvda tijorat banklariga fan olimpiadalarini rivojlantirishga homiylik qilish bo'yicha berilgan ko'rsatmasiga binoan Olimpiada maktabini «O'zsanoatqurilishbank» o'z otalig'iga olgan. Bank iqtidorli o'quvchilarning xalqaro olimpiadalarda qatnashishini va ular ko'rsatgan yuqori natijalarni rag'batlantirib kelmoqda.

Maktab o'zining ilk natijalarini ko'rsatishga ulgurdi. Mart oyida Rossiyaning nufuzli SIRUS iqtidorli bolalar markazi tomonidan o'tkazilgan Kavkaz Xalqaro Matematika olimpiadasida 8 nafar o'zbekistonlik o'quvchilar qatnashib, 3 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo'lga kiritdi.
Shuni qayd etish joizki, har yili SIRUS dunyo tan olgan malakali mutaxassislari ishtirokida «Yozgi maktab» tashkil etadi. Joriy yilda butun dunyoda pandemiya bo'layotganligi sababli, «Yozgi maktab» onlayn tarzida olib borilmoqda. Ilk marta o'zbekistonlik o'quvchilar ham mazkur maktabda 25 davlat o'quvchilari bilan ishtirok etmoqda.

Bugungi pandemiya sharoitida ham onlayn maktabi amaliy ishlarni to'xtatib qo'ymadi, ular bank homiyligida www.khiso.uz veb saytini ishga tushirdi va u orqali muntazam ravishda turli fanlardan onlayn olimpiadalar o'tkazib, g'oliblarni rag'batlantirib kelmoqda.
Bugungi kunga qadar maktab 10 ta fandan barcha sinflar kesimida 75 dan ortiq onlayn fan olimpiadalarini o'tkazishga ulgurdi.
Al-Xorazmiy Xalqaro olimpiada maktabi jamoasi barcha o'quvchilarga vaqtdan unumli foydalanishni va www.khiso.uz veb sayti orqali ro'yxatga o'tgan holda onlayn tanlovlarda faol qatnashishni tavsiya qilmoqda.

Yurtimizda va butun dunyoda pandemiya tugaganidan so'ng Olimpiada maktabi o'zbekistonlik o'quvchilarni dunyo maydonlariga olib chiqishga o'z hissasini qo'shishda davom etadi.

Izohlar: 10
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100919 | Инструменты