Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida niqob taqib olib, davlat raqam belgisi bo‘lmagan avtomashinalardagi shaxslar yo‘l chetida to‘xtab turgan boshqa bir mashinaga tosh otib hujum qilganligi aks etgan videolar tarqalgan edi. Holat yuzasidan Andijon viloyati prokuraturasi Matbuot xizmati xabar qildi.
Maʼlum qilinishicha, ushbu holat joriy yilning 20 noyabr kuni fuqaro Yu.D. va boshqalar tomonidan sodir etilgan.
Ular oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, fuqaro L.A.ni boshqaruvida bo‘lgan Cobalt rusumli avtomashinasida pul mablag‘larini tashish bilan shug‘ullanishini bilib, unga hujum qilgan.
Aniqlanishicha, ular Lacetti va Cobalt avtomashinalarni davlat raqam belgilarini yechib olib, orqasidan kuzatib kelib, yuzlariga niqob taqqan holda Andijon shahrining “Yoyilma” mahallasi A.Temur shox ko‘chasidan o‘tgan “Andijon-Asaka” yo‘nalishidagi transport qatnov yo‘lini “Andijon” yo‘nalishi bo‘yicha yo‘l chetida to‘xtab turgan L.A.ni avtomashinasiga tosh otib, hujum qilgan.
Biroq o‘sha vaqtda L.A. avtomashinasida hodisa joyidan qochganligi sababli jinoyatni o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holda oxiriga yetkaza olmagan.
Mazkur holat bo‘yicha JKning 164-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Yu.D. protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha IIO tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121301 | Инструменты