Andijon viloyati Marhamat tumanidagi xonadonda 3-yanvar kuni gaz chaqnadi, oqibatda bir kishi vafot etdi. Bu haqda Uzreport.news manbasiga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, soat 03:00 atrofida Shomat mahallasi Ipak yo‘li ko‘chasida yashovchi fuqaro X.Shokirov xonadonining yotoqxona qismida qo‘lbola usulda qurilgan isitish pechini yoqmoqchi bo‘lib, gugurt chaqqan vaqtida xonaga to‘plangan tabiiy gaz va havo aralashmasidan chaqnash yuz bergan.
Oqibatda ushbu xonada bo‘lgan X.Shokirov tanasining 90 foizi, turmush o‘rtog‘i L.Shokirova tanasining 35−40 foizi, o‘g‘li J.Xamzayev tanasining 20−30 foizi, qizi X.Xamzayeva tanasining 70 foizi qismi kuyish tashxisi bilan tuman SHTTYOBga yotqizilgan.
Hodisa joyiga tuman prokurori v.b M.A.Kamoldinov, tuman prokuraturasi tergovchisi I.Sh.Xalimov, tuman IIB boshlig‘i, tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi, Marhamat tuman gaz taʼminoti filiali masʼul shaxslari va tezkor tergov guruhi chiqib prosessual hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Hozirda jabrlanuvchilardan X.Shokirov va uning o‘g‘li J.Xamzayevlar tuman SHTTYObda davolanayotgan bo‘lsa, L.Shokirova Andijon shahrida joylashgan RSHTTYOIAMda davolanmoqda va jabrlanganlardan voyaga yetmagan X.Xamzayeva olib borilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan 4 yanvar kuni vafot etgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari har tomonlama, to‘liq va sifatli olib borilishini taʼminlash maqsadida tuman prokuraturasi tomonidan jabrlanuvchilarga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Hozirda holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10802 | Инструменты