Gaz "zapravka"larda maishiy gaz ballonlarini toʻldirish uchun maxsus postlar tashkil etilishi mumkin

O‘zbekistondagi avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchalari hududida maishiy gaz ballonlarini xavfsiz toʻldirishga moʻljallangan, alohida jihozlangan maxsus postlar tashkil etilishi mumkin. Bu haqda 24-noyabr kuni “Hududgaztaminot” matbuot xizmatixabar berdi.

Qayd etilishicha, aholiga maishiy gaz ballonlarini toʻldirish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida bu borada tegishli tashkilotlarga takliflar kiritilgan.

“Hududgaztaminot” aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish, maishiy gaz ballonlarini toʻldirish imkoniyatlari hamda avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida ballonlarni toʻldirish uchun javobgarlik belgilangani yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlarga javoban maishiy gaz ballonlarini avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida toʻldirish xavfsizlik talablariga zid ekanini ma’lum qildi.

Ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-oktyabrdagi 649-son qarori bilan tasdiqlangan Yongʻin xavfsizligi qoidalarining 674-bandida ham belgilab qoʻyilgan. 2026-yilning 2-noyabr kuni qabul qilingan 1186-son qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga tegishli oʻzgartirish kiritilib, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari tomonidan maishiy gaz ballonlariga suyultirilgan gaz quyish uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi. Mazkur norma 2027-yil 5-fevraldan kuchga kiradi.

Shu bilan birga, maishiy gaz ballonlarini toʻldirish xizmati aholi uchun cheklanmaganini, amaldagi tartibga muvofiq, bu xizmat tegishli talablarga javob beradigan va belgilangan tartibda ruxsatga ega maxsus gaz toʻldirish stansiyalari (GTS) hamda shoxobchalari (GTSH) orqali amalga oshiriladi. Respublika boʻyicha LPG-Trade MCHJ tasarrufida boʻlmagan 360 dan ortiq gaz toʻldirish shoxobchasi va stansiyasi mavjud boʻlib, ular mustaqil yuridik shaxslar tomonidan faoliyat yuritadi. Ushbu GTS va GTSHlar aholi maishiy gaz ballonlarini toʻldirish huquqiga egaligini bildirdi.

Eslatib o'tamiz, noyabr oyining boshida O‘zbekistonda aholi uchun suyultirilgan gazning chakana narxi 2 yarim baravar oshdi. Shuningdek, endi O'zbekistonda aholiga suyultirilgan gaz va koʻmir yetkazib berilishini IIV nazorat qiladi. Kuz-qish mavsumida tabiiy gaz birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obyektlariga yetkazib beriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112413 | Инструменты