AQShning Ogayo shtatida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi O‘zbekiston jome’ masjidi quriladi
O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi vakillari Ogayo shtatining Sinsinnati shahrida istiqomat qiluvchi vatandoshlar uchun sayyor konsullik qabuli o‘tkazdi.
Bosh konsulxona vakillari «Hamkor Uz Cincinati Association» o‘zbek diasporasi tashkiloti rahbariyati va faollari bilan ham muzokaralar o‘tkazdi.
Muloqot davomida Bosh konsulxona delegatsiyasi Sinsinnati shtatida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi O‘zbekiston jome’ masjidi qurilishiga tayyorgarlik ishlarining borishi bilan ham tanishdi.
«Hamkor Uz Cincinati Association» mulki o‘laroq 8665 State Route 48, Maineville, Ohio 45039 manzilida joylashgan 2,7 gektar maydon ko‘zdan kechirildi.
Ayni paytda «Hamkor Uz Cincinati Association» o‘zbek diasporasi tashkiloti Ogayo shtatining arxitektura va qurilish kompaniyalari o‘rtasida qurilajak binoni loyihalash va dizayn smetalarini tayyorlash bo‘yicha tanlov e’lon qilgan. Majmua hududida 600-700 kishiga mo‘ljallangan ibodat uchun asosiy bino, tahorat olish xonalari va boshqa maxsus yordamchi inshootlar va 100 dan ortiq avtomobil uchun to‘xtash joyi barpo etiladi. Shuningdek, majmuada «Hamkor Uz Cincinati Association» o‘zbek diasporasi vakolatxonasi hamda o‘zbek tili va adabiyoti, odobnoma va boshqa fanlar bo‘yicha vatandoshlarimiz farzandlari o‘qiydigan sinf xonalari joylashadi.
Loyiha Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashovchi vatandoshlar tomonidan amalga oshiriladigan ehson mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi.
«Hamkor Uz Cincinati Association» rahbariyatiga vatandoshlarimizning Sinsinnati shahrida o‘zbek masjidini qurish bo‘yicha tashabbusi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan olqishlanishi va bu masala yuzasidan respublika diniy idorasi diaspora tashkiloti bilan ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligi ma’lum qilindi.
Masjid qurilishi yakunlangach, O‘zbekiston musulmonlari idorasi respublika imom-xatiblaridan birini ushbu maskanda diniy xizmatlarni bajarishga yuborish masalasini ko‘rib chiqishga tayyorligi ham qayd etildi.

AQShda vatandoshlarimiz bolalarni o‘qitish uchun besh jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobi, ushbu olis diyorda O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan taqdimot materiallari va milliy ramzlar «Hamkor Uz Cincinati Association» o‘zbek diasporasiga topshirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40422 | Инструменты