Huawei 1
Keniyadagi qishloqqa kosmik chiqindi tushdi

Keniyaning Makueni okrugi Mukuku qishlog‘iga salkam yarim tonnali kosmik chiqindi tushdi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.

Diametri taxminan 3 metr va og‘irligi 498 kilogram atrofidagi metall halqa osmondan tushib, parchalangan. Hodisa oqibatida hech kim jarohatlanmagan. Dastlabki baholashlarga ko‘ra, yerga tushgan obyekt “raketa tashuvchisining ajratuvchi halqasi” hisoblanadi. U Yer atmosferasiga kirganda yonib ketishi yoki odamlar yashamaydigan hududga, masalan, okeanga tushishi kerak edi.

Keniya kosmik agentligi chiqindi 60 yillik kosmosni o‘zlashtirish natijasi ekanini ma’lum qildi. Agentlik voqea joyini zudlik bilan o‘rab olgan va obyektni keyingi tadqiqotlar uchun olib qo‘ygan. Bunday holatlar Yer atrofidagi orbitada chiqindilar soni ko‘payishi sababli ortib boradi.

Garvard-Smitson astrofizika markazidan kosmik obyektlarning qulashini kuzatish bo‘yicha mutaxassis Jonatan Makdavell parchaning kosmik kelib chiqishiga shubha bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, obyekt atmosferaga qayta kirishda qizib ketganiga aniq dalillar yo‘q va u samolyotning qoldig‘i bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, LeoLabs kompaniyasining kosmik chiqindilar bo‘yicha eksperti Darren MakNaytning ta’kidlashicha, kosmik obyektlarning ba’zi qoldiqlari “qurbonlik massasini” saqlashi mumkin. U atmosferaga kirishda yonib, asosiy elementni shikastlanmagan holda qoldiradi.

Atlas Centaur raketasi bilan ehtimoliy bog‘liqlik

Aerospace Corporation ma’lumotlar bazasidan olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, topilgan obyekt 2004-yilda AQSH Milliy razvedka boshqarmasining USA-179 sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqarish uchun uchirilgan Atlas Centaur raketasining qoldiqlari bo‘lishi mumkin. Raketa qoldiqlari 30-dekabr kuni atmosferaga kirib, Afrika ustidan uchib o‘tishi kerak edi.

Biroq AQSH Harbiy-havo kuchlariga ko‘ra, ushbu obyekt Rossiyadagi Baykal ko‘li ustida yonib ketgan. Bu esa qo‘shimcha tadqiqotlar va ma’lumotlarni tasdiqlash zaruratini tug‘diradi.

Inside Outer Space tahlilchilari obyektning tuzilishi “Roskosmos” tomonidan ishlab chiqilgan Angara-A5M raketa qismlarini ishlab chiqarish texnologiyalari bilan umumiy xususiyatlarga ega ekanini taxmin qilmoqda. Keniya kosmik agentligi tergov natijalarini yaqin kunlarda e’lon qilishi kutilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10518 | Инструменты