Huawei 1
Jahon banki 78 ta kambag'al mamlakat aholisiga xizmat ko'rsatish uchun kurashmoqda

Jahon bankining missiyalaridan biri – dunyo miqyosida kambag‘allik va tengsizlikni kamaytirish. Bu maqsad uchun bankka rivojlangan mamlakatlar va boshqa homiylar mablag‘ ajratib keladi. Lekin bu mablag‘larni eng kambag‘al mamlakatlarga adolatli taqsimlash oson emas.

Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) eng kambag‘al mamlakatlarga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda assotsiatsiyadan moliyaviy ko‘mak olish huquqiga ega davlatlar soni 78 ta. Markaziy Osiyodan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston ham shular jumlasidan.

The Economist'ning yozishicha, ushbu 78 ta mamlakatning ehtiyojlari bir-biridan butkul farq qilishi va boshqa omillar sabab, assotsiatsiya tomonidan ularga ko‘mak ko‘rsatish murakkablashib bormoqda.

Masalan, Niger kabi mamlakatlarda aholining yarmi o‘ta qashshoqlikda yashaydi, elektr energiyasi kabi bazaviy resurslar yetishmaydi. Shu bilan birga, Bangladesh kabi rivojlanayotgan mamlakatlarning ehtiyojlari esa ancha murakkabroq: ular, masalan, qayta tiklanuvchi energiyaga investitsiyalarni jalb qilishlari kerak.

XTA har yili bu muammolarni hal qilish uchun milliardlab dollar ajratadi, lekin talab hajmining ortib borayotgani va donorlaring moliyaviy yordami yetarlicha bo‘lmayotgani tashkilotning imkoniyatlarini cheklab qo‘ymoqda.

2024 yilda XTA o‘zining eng yirik fondini – 100 milliard dollarni jalb qildi, lekin bu mablag‘ning katta qismi xayriya hisobiga emas, balki qarzlar orqali yig‘ildi.

Inflatsiyani hisobga olgan holda, boy mamlakatlar tomonidan ajratilgan hissalar o‘n yilliklardagi eng past darajaga tushgan. Buni qoplash uchun Jahon banki bozordan qarz olishni ko‘paytirdi, ayrim grantlarni kreditlarga almashtirdi. Bu strategiyaning qaltis jihatlaridan biri, u eng kambag‘al mamlakatlarni qarzga botirish xavfini tug‘dirishi mumkin.

Jahon banki, shuningdek, iqlim tashabbuslarini moliyalashtirish bo‘yicha boy davlatlar tomonidan bosimga uchramoqda, chunki boy mamlakatlar bu masalani ustuvor deb hisoblayapti. Vaholanki, kambag‘al mamlakatlar uchun bazaviy shart-sharoitlar – maktablar, yo‘llar va tibbiyot kabilar muhimroq ahamiyatga ega. Qayta tiklanuvchi energiyaga investitsiyalar esa, ular uchun eng birinchi navbatdagi masalalar bo‘lmasligi mumkin.

Ayni vaziyatda Jahon banki mavjud talab va moliyaviy yetishmovchiliklar o‘rtasida muvozanat topishi kerak. XTA – dunyodagi ko‘plab eng kambag‘al mamlakatlar uchun yagona moliya manbayi bo‘lib qolmoqda, bu esa uning faoliyati barqaror davom etishi qanchalik muhimligini ko‘rsatadi. Samarali yechimlar topilmasa, dunyoda kambag‘allik va tengsizlik muammolari yanada kuchayishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10518 | Инструменты