Huawei 1
Bir kontur – ming imkoniyat: SQB ko‘magida yerga baraka kirmoqda, xalq daromadi oshmoqda

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida har bir yer maydonini oqilona va samarali boshqarishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda. “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosidagi ishlar shular sirasiga kirib, bunda ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, aholi bandligi va daromadini oshirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni moddiy rag‘batlantirish maqsadi ko‘zda tutilgan.

Ushbu tashabbusning amaliy ijrosida tijorat banklari qatori O‘zsanoatqurilishbank ham muhim o‘rin tutmoqda. Bankning Aholini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlikka jalb qilish departamenti direktori Farrux Abduvaliyev bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:

– Hududlarda dehqon xo‘jaliklari uchun ijara huquqi asosida yer maydonlari ajratilishi odamlar uchun yangi daromad manbaini yaratmoqda. Bu ishlar “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida tizimli tashkil etilmoqda. Joylardagi tuproq va iqlim sharoiti, aholining dehqonchilik tajribasi, klaster va kooperatsiya imkoniyatlari, qayta ishlash va eksport salohiyati hamda ichki bozor ehtiyojlaridan kelib chiqib ekin turlari tanlab olinmoqda.

Shu maqsadda aholiga 33 sotixdan 1 gektargacha yer maydonlari ajratilib, ular zamonaviy agrotexnologiyalar, urug‘lik, ko‘chat, mineral o‘g‘itlar bilan ta’minlanmoqda. Moliyaviy ehtiyojlarni qoplash uchun esa bank tomonidan kredit mahsulotlar joriy qilingan.

Joriy yil boshidan buyon bank tomonidan 59 ta loyiha bo‘yicha moliyaviy tahlillar o‘tkazildi. Ushbu loyihalar 666 gektar yerda amalga oshirilib, umumiy qiymati 12,4 mlrd. so‘mni tashkil etadi. Ular uchun 1,4 mlrd. so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi. Buning natijasida 1340 nafarga yaqin fuqaro ish bilan ta’minlandi. Yerlarda yuqori daromadli ekinlar – meva-sabzavotlar, ziravorlar va gul ko‘chatlari parvarishlanmoqda. 24 nafar agronom agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida amalga oshirish uchun joylarda faoliyat yuritmoqda.

Bundan tashqari, mahsulotlar yetishtirilishi bilan cheklanib qolinmay, ularning bozorga chiqishi uchun ham samarali mexanizmlar joriy etilgan. Jumladan, 44 ta agregator (xaridor tadbirkorlar) bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar imzolandi, fyuchers shartnomalari esa mahsulot bozorda qolib ketmasligini kafolatlamoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilda birinchi hosilning o‘zidan jami qiymati 68,7 mlrd so‘mlik 14 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladi. Bu bilan har bir yer egasining daromadi 49 mln so‘mni tashkil etadi. Bir yilda ikki marotaba hosil olish evaziga ijarachilarining yillik daromadi 100 mln so‘mdan kam bo‘lmasligi taxmin qilingan.

Bundan tashqari, joriy yilda bank ko‘magida 9 ta “Super loyiha” amalga oshirilmoqda. Ularda mahsulotlarni yetishtirish bilan birga, qayta ishlash, saqlash va qadoqlash jarayonlari ham nazarda tutilgan. Mazkur loyihalar 136 gektar yerda yo‘lga qo‘yilib, 10 mlrd so‘mlik infratuzilma shakllantiriladi. 2 ming tonna mahsulot qadoqlanadi, 1600 tonna saqlanadi va 1000 tonna qayta ishlanadi. Bu esa yana 142 fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlash imkonini beradi.

Umuman, “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili nafaqat dehqonchilikda, balki butun agrosanoat tarmog‘ida keng qamrovli islohotlar poydevoriga aylanmoqda. Bank esa, ham moliyaviy, ham amaliy sa’y-harakatlari bilan ushbu jarayonning ajralmas qismiga aylanmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 53101 | Инструменты