Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan “Bir million o‘zbek dasturchisi” loyihasining navbatdagi mavsumiga start berildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Raqamli texnologiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmatov maʼlum qildi.
– “Bir million o‘zbek dasturchisi” – O‘zbekistonda mahalliy dasturchilarni tayyorlash loyihasi bo‘lib, loyihada yoshlarni zamonaviy kasblarga bepul onlayn kurslar tashkil etilgan holda o‘qitish maqsad qilingan, – deydi Sh.Ahmatov. – Davlatimiz rahbari har doim taʼlimning mamlakat taraqqiyotidagi hal qiluvchi o‘rni haqida taʼkidlab keladilar. Yurtimizda yoshlarda taʼlimga qiziqish oshib bormoqda. Ammo asosiy muammo – nima o‘qitish va ayniqsa, uzoq hududlarda kim o‘qitishi kabi masalalarda saqlanib turibdi. Mazkur muammoning yechimi sifatida IT yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston va AQSHning “Coursera” platformasi o‘rtasida hamkorlik olib borilmoqda. Ushbu hamkorlik orqali yurtimizning eng olis qishloqlaridagi yoshlar ham dunyoning yetakchi universitetlari va kompaniyalaridan eng yuqori talabga ega bo‘lgan kurslarni onlayn o‘qish imkoniga ega bo‘lishmoqda. Bu jarayonda yoshlarimizning o‘z maqsadlariga yetishishlari uchun qunt va davomiylik muhim. Kurslarni tamomlab, xalqaro sertifikat imtihonlaridan o‘tish, ularga global mehnat bozoriga yo‘l ochib beradi.
Qayd etilganidek, Raqamli texnologiyalar vazirligi IT sohasida taʼlim olayotgan iqtidorli talabalarga “Coursera” taʼlim platformasida bepul o‘qib, xalqaro IT sertifikatlarga ega bo‘lish imkoniyatini yaratdi. “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasi 2025-2026 yillar rejasida xalqaro IT sertifikatlarni olganlar sonini 1 millionga, professional xalqaro IT sertifikatlar olganlar sonini esa 30 mingga yetkazish maqsad qilingan.
Qolaversa, loyiha doirasida yuqori natija ko‘rsatgan eng yaxshi 2 ta maktabga Prezident sovg‘asi – 2 ta elektromobil berilishi ham rejalashtirilgan. Shu bilan birga, loyiha doirasida 14 ta hududda eng yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilarga 700 ta noutbuk, Top-10 nafar o‘qituvchiga chet-elga sayohat, loyiha doirasida eng yuqori natija ko‘rsatgan 100 ta o‘qituvchiga 10 mln. so‘mdan pul mukofoti va Top-3 oliy taʼlim muassasalariga pul mukofotlari berilishi ko‘zlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120423 | Инструменты