Huawei 1
Birdaniga uchta aviakompaniya Navoiyga havo qatnovlarini boshladi

Latviyaning "SmartLynx Airlines" aviakompaniyasi, Britaniyaning "Titan Airways" va O‘zbekistonning "FlyKhiva" aviakompaniyalari Navoiyga yuk tashuvlarini amalga oshira boshladi. Navoiy aeroportiga yetib kelgan samolyotlar an’anaga ko‘ra suv arkasi bilan kutib olindi.

Britaniyaning "Titan Airways" aviakompaniyasi joriy yilning 12-sentyabr kuni Chuntsin – Navoiy – London yo‘nalishi bo‘yicha ilk charter yuk reysini amalga oshirdi. Xitoydan Buyuk Britaniyaga reyslar haftasiga to‘rt marta Airbus A330 yuk tashuvchi samolyotlarida Navoiyda texnik to‘xtash joyi bilan amalga oshirilishi rejalashtirilgan. "Titan Airways" Buyuk Britaniyaning charter aviakompaniyasi, shtab-kvartirasi London shahrining "Stansted" aeroportida joylashgan bo‘lib, asosan korporativ va biznes tashuvlari sohasida faoliyat yuritadi.

2024-yil 17-sentyabrda Latviyaning "SmartLynx Airlines" aviakompaniyasi Varna (Bolgariya) – Navoiy (O‘zbekiston) – Dakka (Bangladesh) yo‘nalishi bo‘yicha birinchi charter yuk reysini amalga oshirdi. Navoiyda texnik to‘xtash bilan Bolgariyadan Bangladeshga parvozlar Airbus A321 yuk tashuvchi samolyotlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu oyning 16-sanasidan 27-sentyabrgacha yettita charter reysi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. "SmartLynx Airlines" — Latviyaning Marupe shahrida joylashgan, ekipaj bilan samolyot ijarasi (ACMI) asosida ishlaydigan charter aviakompaniyasi. Aviakompaniya parkida yo‘lovchi va yuk tashish uchun mo‘ljallangan 70 ta samolyot bor.

18-sentyabr kuni "FlyKhiva" mahalliy aviakompaniyasi ham Echjou (Xitoy) – Lyej (Belgiya) yo‘nalishi bo‘yicha, Navoiy shahrida texnik to‘xtash bilan, charter reyslarini yo‘lga qo‘ydi. Parvozlar yuk ko‘tarish quvvati 50 tonnagacha bo‘lgan Boeing 767-300 samolyotlarida amalga oshiriladi. Dastlabki bosqichda reyslar haftasiga to‘rt marta amalga oshiriladi. "Fly Khiva" aviakompaniyasi Xorazm viloyatining Urganch shahrida joylashgan va "Fly Khiva Group" tarkibiga kiradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92013 | Инструменты