Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududlarida yo‘lning ma’lum qismida harakat bir tomonlama tashkil etiladi. Bu haqda viloyat IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bo‘stonliq tumanidagi tog‘li hududlarda joylashgan dam olish maskanlarida 31 dekabrdan 2025 yil 12 yanvarga qadar fuqarolar tashrifi odatdagidan ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda. Shuni inobatga olgan holda Amirsoy, Beldersoy, Chimyon kabi dam olish maskanlariga olib boruvchi yo‘lda xavfsizligini ta’minlash va tirbandliklarning oldini olish maqsad qilingan.
Rejaga ko‘ra, 4R6 Toshkent—Chirchiq—Chimyon avtomobil yo‘lining 57-kilometridan boshlab, mazkur yo‘lning 92-kilometrigacha, ya’ni 4R10 avtomobil yo‘li bilan tutashgan joygacha transport vositalarining harakati bir tomonlama tashkil etiladi.
Harakat bir tomonlama tashkil etilgan yo‘lning boshida 5.5 (bir tomonlama harakatli yo‘l) va uning oxirida 5.6 (bir tomonlama harakatli yo‘lning oxiri) axborot ko‘rsatgich yo‘l belgilari, shuningdek, harakatlanib kirish taqiqlangan qismida 3.1 (kirish taqiqlangan) yo‘l belgisi o‘rnatiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10408 | Инструменты