Huawei 1
"Bobur merosi" markazi bilan Islom sivilizatsiya markazi o'rtasidagi hamkorlik istiqbollari ko'rib chiqildi

11-yanvar kuni O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Lahor shahridagi Panjob universiteti Tarix va pokistonshunoslik departamenti professori, mazkur oliy ta'lim muassasasi huzuridagi "Bobur merosi" markazi direktori Ruxsana Iftixar hamda Islom sivilizatsiyasi markazining Ilmiy tadqiqotlar bo'limi boshlig'i Gulnora G'aniyeva bilan uchrashuv o'tkazdi.

Muloqot chog'ida O'zbekiston Elchixonasi va ushbu markazlar o'rtasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ikki davlat ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan qo'shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari hamda o'zaro almashinuvlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Ruxsana Iftixar Panjob universitetida birgalikda tadbirlar tashkillashtirish, "Bobur merosi" markazi imkoniyatlaridan foydalangan holda qo'shma tadqiqotlar va almashinuv dasturlarini amalga oshirishni taklif etdi.

"Markazimiz nafaqat Bobur va Boburiylar tarixini tadqiq qilish va ommalashtirishga xizmat qilishi, balki O'zbekistonning shonli tarixi va boy madaniyati, uning dunyo sivilizatsiyasiga qo'shgan hissasi to'g'risida keng jamoatchilikni xabardor qiluvchi doimiy targ'ibot-ko'rgazma maydoni vazifasini ham o'tashi mumkin" – dedi professor.

Panjob universiteti vakili mazkur oliy ta'lim muassasasi Samarqand davlat universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlik o'rnatgani, va o'zaro onlayn ma'ruzalar o'qish amaliyotini yo'lga qo'yganligini ma'lum qilib, ushbu tajribani O'zbekistonning boshqa universitetlari bilan ham qo'llashni hamkorlikning o'zaro manfaatli yo'nalishi sifatida e'tirof etdi.

Shuningdek, 2024-yil 23-27-avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o'tkazilgan "Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori" VIII Xalqaro kongressida ishtirok etgani, tadbir doirasida ishtirokchilarning "Sharq taronalari" musiqa festivalining ochilish marosimiga taklif etilganini mamnuniyat bilan esladi.

"Sharq taronalari" festivali ochilish marosimida O'zbekiston Prezidenti bilan uchrashdik. Shunda Yangi O'zbekistonda ilm-fanga yuksak e'tibor berilayotganiga shaxsan guvoh bo'ldim. Bizlarni – turli davlatlardan kelgan akademik doira vakillarini birinchi qatorda joylashishga taklif qilishdi va alohida hurmat ko'rsatishdi. Qayerdaki ilmga alohida e'tibor qaratilsa, bu albatta, taraqqiyotga zamin yaratadi. O'zbekiston Prezidentining islohotchilik siyosati natijasida mamlakat tez orada rivojlangan davlatlar qatoriga qo'shilishiga ishonchim komil", - dedi professor Ruxsana Iftixar.

Uchrashuv davomida, shuningdek, "Bobur merosi" markazi bilan Islom sivilizatsiya markazi o'rtasidagi hamkorlik istiqbollari ko'rib chiqildi. Xususan, Lahor va Karachi shaharlaridagi muzeylarda, oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida saqlanayotgan O'zbekiston davlatchiligiga oid tarixiy manbalar ro'yxatini shakllantirishga va ularning nusxalarini olish bo'yicha birgalikda ishlashga kelishildi.

"O'zbekiston Prezidentining Islom sivilizatsiyasi markazini bunyod etishga oid tashabbusi nafaqat Islom olamida, balki xalqaro miqyosda ham Islom dinining ezgu g'oya va qadriyatlarini keng yoyish imkonini berib, madaniyat va ta'lim sohalarida ulkan o'zgarishlarga olib keladi", - deya qo'shimcha qildi "Bobur merosi" markazi rahbari.

Joriy yilning aprel oyida Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Islomobod, Karachi va Lahor shaharlarida "Ma'rifat karvoni" loyihasi doirasida media-tadbirlar tashkillashtirish, iyun-iyul oylarida Pokistonda saqlanayotgan manbalar, ajdodlarimiz bilan bog'liq tarixiy obidalarni o'rganish uchun mutaxassis va tadqiqotchilardan iborat delegatsiyaning mazkur mamlakatga tashrifini tashkillashtirish masalalarini ishlab chiqishga kelishildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11321 | Инструменты