O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning Xartfordshir universitetiga tashrifi doirasida prorektor Mayri Uotson va talabalar bilan uchrashuv o'tkazdi.
Xartfordshir universiteti prorektori Mayri Uotson bilan muzokaralar davomida qo'shma ta'lim dasturlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mayri Uotson Xartfordshir universiteti O'zbekistonda Britaniya ta'lim standartlarini joriy etishdan manfaatdorligini ta'kidladi. Shuningdek, u respublika oliy ta'lim muassasalari bilan turli yo'nalishlarda uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Muloqot natijasida qo'shma ta'lim loyihalarini amalga oshirish, "El-yurt umidi" jamg'armasi va Xartfordshir universiteti rahbariyati o'rtasida onlayn uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi.
Universitet talabalari bilan kechgan uchrashuv chog'ida O'zbekiston zamonaviy tashqi siyosatining asosiy yo'nalishlari haqida batafsil ma'lumot berildi. Xususan, O'zbekiston ochiq, o'zaro manfaatli va mamlakat milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda konstruktiv tashqi siyosat yuritayotgani ta'kidlandi. Tashqi siyosiy faoliyatning asosiy maqsadi davlat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, uning xalqaro maydondagi o'rni va rolini mustahkamlash, mamlakat atrofida xavfsizlik va barqarorlik kamarini yaratish, respublikaning tashqi iqtisodiy manfaatlarini faol ilgari surishdan iboratligi qayd etildi.
Shuningdek, ishtirokchilar O'zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, mamlakatimizning savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika, turizm, ilmiy va akademik salohiyati bilan yaqindan tanishdilar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122218 | Инструменты