Huawei 1
Budapesht shahrida O'zbekiston–Vengriya ta'lim loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi

O'zbekiston elchixonasi rahbariyati "Tempus" jamg'armasi bosh direktori Richard Bodrogi bilan uchrashuv o'tkazishdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

"Tempus" jamg'armasi Vengriya hukumati tomonidan 1996-yilda ta'lim, kadrlar tayyorlash va Yevropa Ittifoqi bilan bog'liq masalalar bo'yicha xalqaro hamkorlik dasturlari va maxsus loyihalarni boshqarish uchun yaratilgan notijorat tuzilma hisoblanadi. Qo'shimcha bilim va tajribaga ega bo'lishni xohlovchi xalqaro talabalar va bitiruvchilarga stipendiyalar taklif qiladi. Fond, shuningdek, "Stipendium Hungaricum" dasturini boshqaradi.

Muzokaralar chog'ida Vengriya tomoni "Stipendium Hungaricum" dasturi bo'yicha o'zbekistonlik talabalarga Vengriya oliy o'quv yurtlarida ta'lim olishlari uchun yillik kvotalar ajratish orqali Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, shuningdek, O'zbekistonning ixtisoslashtirilgan universitetlari bilan akademik hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Shuningdek, jamg'arma rahbariyati qo'shma loyihalarni, jumladan, Vengriya universitetlaridan professor-o'qituvchilarni O'zbekistondagi universitetlarga dars berish uchun yuborish, qo'shma dasturlarni ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlar o'tkazish, "Pannonia" va "Erazmuz+" xalqaro hamkorlik dasturlari doirasida uzoq muddatli asosda talabalar almashinuvini yo'lga qo'yishga tayyorligini bildirdi.

Jamg'arma "STEM" fanlarini o'qitish uchun grantlar ajratishga katta ahamiyat beradi. Shu munosabat bilan Richard Bodrogi o'zbekistonlik talaba va olimlarning bu boradagi qo'shma dastur hamda loyihalarda ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ta'kidladi.

Vengriya tomoni bilan hamkorlikning amaliy qadami sifatida O'zbekiston Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari bilan qo'shma loyihalar ishlab chiqish bo'yicha onlayn muzokaralar tashkil etish bo'yicha kelishuvga erishildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102215 | Инструменты