Huawei 1
O'zbekistonning Misrdagi elchixonasi tomonidan ingliz tilidagi ilk o'zbek tili grammatikasi darsligi yaratildi

21-oktabr – O'zbek tili bayrami kuni arafasida O'zbekistonning Misrdagi elchixonasi tomonidan ingliz tilida soddalashtirilgan uslubda o'zbek tilini "nol"dan o'rgatuvchi "Uzbek language grammar. Simplified system" nomli qo'llanma tayyorlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Qayd etish kerakki, o'zbek tilini xorijda ommalashtirishda asosiy muammo sifatida zamonaviy talablarga javob beradigan o'zbek tili grammatikasiga oid chet tilida yozilgan qo'llanmani topish mushkul edi.

Bunga qadar o'zbek tili grammatikasi haqida qo'llanmalar asosan rus tilida bo'lib, ingliz tilida yozilgan darsliklarni ochiq manbalarda topish imkonsiz. Mavjud darsliklar ham yuzaki bo'lgan yoki ular mustaqil til o'rganishga mo'ljallanmagan. Bu kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida xorijiy tillarni o'rganish bo'yicha tajriba asosida mazkur kitob tayyorlandi.

Ushbu kitobning kirish qismida o'zbek tilining o'ziga xos xususiyatlari, uning o'zgarish bosqichlari hamda o'zbek xalqining shakllanish tarixi haqida so'z yuritilgan.

Boshqa qo'llanmalardan farqli ravishda kitobning asosiy qismidagi 20 ta darslar yirik mavzularni alohida-alohida to'liq tushuntirishga emas, balki xorijiy tilni o'rganish uchun eng zarur bo'lgan qoidalar va konstruksiyalarni o'rgatishga bag'ishlanadi, keyinchalik mavzular asta sekin murakkablashib boradi.

O'zbek tilida fe'l zamonlarini tushunish xorijliklar uchun nisbatan murakkabligini inobatga olib, qabul qilingan standartlardan farqli ravishda ingliz tiliga qiyoslab sodda ko'rinishda tushuntirilgan.

Har bir dars so'nggida qisqa mashqlar va matnlar keltirilgan. Bunda o'rganuvchiga og'irlik bo'lmasligi uchun mashqlar soni ko'paytirilmagan. Zero, hozirgi zamonda har bir shaxs ixtiyoriy tilda istalgan miqdorda ma'lumotlarni Internet tarmog'idan topishi va turli dasturlar yordamida ularni tarjima qilishi mumkin.

Kitob so'nggida til o'rganishni osonlashtiruvchi qo'shimcha qismlar ham kiritilgan.

Ma'lumki, xorijiy tilni o'rgangan shaxs tegishli davlatga borganida rasmiy til va xalq qo'llaydigan so'zlashuv o'rtasidagi farq tufayli, ushbu tilni tushunishda qiyinchilikka uchraydi. Shuni inobatga olib, o'zbek tili shevalari va ularning farqlari tushuntirilgan hamda xalq orasida ishlatiladigan, lekin adabiy tilga kiritilmagan ba'zi keng foydalaniladigan o'zlashma so'zlar ham mazkur kitobga ilova qilingan.

Ma'lumki, xorijiy tilni she'rlar va qo'shiqlardan foydalanib o'rganish juda qulay. Shuni inobatga olib, o'zbeklar orasida ommalashgan she'r va qo'shiqlar kitobda kiritilgan bo'lib, ulardagi murakkab so'zlar tarjimasi ham bevosita berilgan. Zero o'rganuvchi mustaqil ravishda ushbu qo'shiqlarni bevosita Internet tarmog'ida topishi va qo'shiq matni bilan o'rganishi mumkin.

Kitobda mustaqil tarjima qilish uchun O'zbekiston va uning qadimiy shaharlari, buyuk tarixiy shaxslari to'g'risida qiziqarli ma'lumlar ham mavjud.

Kitob so'nggida ilk martaba 2400 ga yaqin eng faol qo'llanadigan o'zbekcha-inglizcha mini-lug'at o'rin olgan. Ular turli dasturlar yordamida faollik darajasini tekshirish asosida saralangan.

Yaqin kunlarda ushbu kitob diplomatik missiya ko'magida chop etiladi va Misrdagi kutubxonalar hamda Qohira universiteti talabalari o'rtasidagi tarqatiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102217 | Инструменты