Buxoro viloyati IIBning maʼlum qilishicha, Shofirkon tumani ichki ishlar bo‘limiga kelib tushgan murojaat o‘rganilganda, 16 yoshli o‘spirinning bir necha fuqarolarni “chuv” tushirgani aniqlangan.
Taʼkidlanishicha, Shofirkon tumani Ichki ishlar bo‘limiga ushbu tumanning Iskogare mahallasida yashovchi fuqaro tomonidan murojaat kelib tushgan. U o‘z arizasida uning nomiga “Anorbank”dan 54 million so‘m kredit olingani, lekin uni o‘zi olmagani, hozirda mazkur kredit uchun to‘lovlar uning plastik kartasidan yechib olinayotganini bildirgan. Holatga aniqlik kiritishni va aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tezkor qidiruv xizmati Kiber xavfsizik bo‘limi xodimlari tomonidan kechiktirib bo‘lmas tezkor-texnik va surishtiruv harakatlari olib borilgan.
Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida ushbu firibgarlik jinoyatini 2008 yilda Shofirkon tumanida tug‘ilgan Sh.X. sodir qilgani aniqlangan.
Aniqlanishicha, Sh.X. Shofirkon tumanida joylashgan “Paynet” shaxobchasida norasmiy tarzda ishlab, fuqarolarga sim karta berish bilan shug‘ullanib kelgan. Ushbu jarayonda mijozlarning fotosuratlarini identifikatsiyadan o‘tkazish uchun olgan. Ularni xabardor qilmasdan, yashirin ravishda fuqarolarning telefon raqami va fotosuratidan foydalangan holda onlayn shaklda nomiga kredit olish bilan shug‘ullanib kelgan. Shu tarzda u 10 dan ortiq fuqarolarga ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazgan.
«Bir qator jinoyatlarni sodir qilganlikda ayblanayotgan yigit barchasini bila turib, mo‘may daromad topish ilinjida sodir qilganini yashirmadi ham. 16 yoshli bolaga buncha miqdordagi pul nega kerak bo‘lib qolgan, deb o‘ylanayotgandirsiz. U odamlarning nomiga olingan pullarni onlayn qimor o‘yinlariga tikib yuborgan. Ayni paytda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda», — dedi Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111307 | Инструменты