Dang'ara tumanida sobiq hokimni “o‘ylab” amaldagi hokim noqonuniy qaror qabul qildi

Farg'ona viloyatining Dang‘ara tumaniga 2020-yilning fevral oyiga qadar rahbarlik qilgan S. A. shaxsiy manfaatini qonun talabidan ustun qo‘yib, hokimlik balansidagi xizmat uyini o‘zining nomiga rasmiylashtirib olgani aniqlandi. 

Ma'lum bo'lishicha, bu borada unga tumanning amaldagi hokimi Sh. T. “beminnat” yordam bergan. Hokimning 2022-yil 26-dekabrdagi 405-11-155-Q/22-sonli qaroriga binoan tumanning Pishqaron mahalla fuqarolar yig‘inidagi, foydalanishda bo‘lgan maydoni 393 metr kvadrat, qurilish egallagan maydoni 139,45 kvadrat metrdan iborat hovli-joy va bino-inshootlariga S.A.ning meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi e’tirof etilgan. Vaholanki, Prezident farmoni asosida 2021-yil 1-avgustdan e’tiboran mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid bir qator vakolatlari, ular yuzasidan qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjatlar qabul qilish huquqi, xususan tuman hokimining yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish bilan bog‘liq vakolatlari bekor qilingan. Mazkur tartib qonunda ham o‘z aksini topgan. Ammo tuman hokimi bu qonuniy talablarga rioya qilmay, qarorga imzo chekkan.

Ko‘p o‘tmay, ayni qonunbuzilish holatini aniqlagan Dang‘ara tuman adliya bo‘limi 2023-yil 4-yanvar kuni aloqa xati orqali tuman prokuraturasiga xabar beradi. Shu bois tuman prokurori Farg‘ona tumanlararo ma’muriy sudiga ariza shikoyati bilan murojaat qilib, tuman hokimining yuqoridagi qarorini qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘raydi. Farg‘ona tumanlararo ma’muriy sudi esa ariza shikoyatni qanoatlantirdi.

Ya’ni sud tuman hokimining 2022-yil 26-dekabrdagi 405-11-155-Q/22-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqardi. Tuman hokimligi zimmasiga yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatini bartaraf etish va hal qiluv qarorining ijrosi to‘g‘risida sudga hamda arizachiga sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran 1 oy muddat ichida xabar qilish majburiyati yuklatildi. Natijada tuman hokimining 2023-yil 28-martdagi 61-11-155-Q/23-sonli qaroriga asosan yuqoridagi g‘ayriqonuniy qaror bekor qilindi.

Ma’muriy ishni ko‘rish jarayonida tuman hokimligi huquqshunosining o‘z ishiga mas’uliyatsizligi ham ayon bo‘ldi. Gap shundaki, tuman hokimi o‘zining haqiqiy emas deb topilgan qaroriga Yer kodeksining 19-moddasi va Fuqarolik kodeksining 187-moddasini asos qilib keltirgan. Biroq qonunga ko‘ra Yer kodeksidan 19-modda chiqarib tashlangan. Fuqarolik kodeksining 187-moddasi esa tilga olingan qarorni qabul qilishga asos hisoblanmaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42919 | Инструменты