Huawei 1
Daraxtzorlarning noqonuniy kesilishi kosmik monitoring orqali aniqlanadi

“Iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik ma'lumotlardan foydalanishni kengaytirish va qishloq xo'jaligi quyi bo'g'inida boshqaruv tizimini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident Farmoni (PF–177-son, 26.09.2025-y.) qabul qilindi.

Farmonga ko'ra, 2026-yil 1-yanvardan Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (Agentlik) tomonidan quyidagi holatlarni aniqlash maqsadida yiliga kamida 3 marta davlat kosmik monitoringi o'tkaziladi:

- geologiya sohasida – yer qa'ridan o'zboshimchalik bilan foydalanish, shu jumladan, ruxsatnomada ko'rsatilgan hududdan tashqariga chiqish;

- yer munosabatlari sohasida – yer uchastkalarini o'zboshimchalik bilan egallab olish hamda ularda bino va inshootlar qurish;

- ekologiya sohasida – mavjud chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish, shuningdek, noqonuniy yangi chiqindi zonalari vujudga kelishi.

2026-yil 1-martdan belgilangan vakolatli organlar o'zi aniqlagan huquqbuzarlik holatlari bo'yicha ma'lumotlarni onlayn ravishda tegishli konturlar kesimida raqamli ko'rinishda integrasiya orqali SGM platformasiga taqdim etib boradi.

Bunda ma'lumotlar ogohlantirish berilgani, huquqbuzarlik bartaraf etilgani, hujjatlar prokuratura va sud organlarida ko'rib chiqilayotgani to'g'risidagi belgilarni o'z ichiga oladi.

Farmonga ko'ra, 2026-yildan har kalendar yil yakuniga qadar respublika bo'yicha kosmik texnologiyalar imkoniyatidan kelib chiqqan holda daraxtzorlarning noqonuniy kesilishini kosmik monitoring orqali aniqlash yo'lga qo'yiladi.

2026-yildan quyidagi loyihalar sinov tariqasida amalga oshiriladi:

- energetika sohasida – Energetika vazirligi tomonidan Agentlik bilan birgalikda Agentlik imkoniyatlaridan foydalangan holda:

- elektr uzatish tarmoqlaridagi nosozliklarni barvaqt aniqlash maqsadida 2026-yil 1-avgustgacha Toshkent viloyati Bo'ka tumanida yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari holati aerokosmik monitoringdan o'tkaziladi;

- “yashil” energetikani rivojlantirish maqsadida 2026-yil 1-oktabrgacha Surxondaryo viloyatida quyosh panellarini joylashtirish va yuqori samaradorlikka erishish imkoniyati mavjud bo'lgan maydonlar aniqlanadi;

- transport sohasida – Transport vazirligi tomonidan temir yo'llar holatini tezkor nazorat qilishga o'tish maqsadida Agentlik imkoniyatlaridan foydalangan holda 2026-yil 1-oktabrgacha Toshkent–Angren yo'nalishidagi temir yo'lda aerokosmik monitoring amalga oshiriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 93018 | Инструменты