Qonun agrar, suv hamda mudofaa sanoati sohalaridagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlarining aniqlashtirilishiga va yaxlit tizimini shakllantirishga xizmat qiladi
Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining nomlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan ayrim qonunlarning normalari yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirilmoqda, shuningdek, tugatilgan, qayta tashkil etilgan va tashkiliy bo‘ysunuvi o‘zgargan davlat organlarining vakolatlari qaysi davlat organlariga o‘tkazilganligi aniqlashtirilmoqda.
Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi negizida Mudofaa sanoati agentligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzurida “O‘ztextreyd” DUK tuzilganligi sababli “Davlat boji to‘g‘risida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Maʼmuriy islohotlar doirasida Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuriga o‘tkazilgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi etib belgilandi. Shuningdek, Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta nomlangandi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga,
“Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Veterinariya to‘g‘risida”gi, “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi va boshqa qator qonunlarga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Senatorlar Qonun agrar, suv hamda mudofaa sanoati sohalaridagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlarining aniqlashtirilishiga va yaxlit tizimini shakllantirishga xizmat qilishini alohida qayd etishdi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10714 | Инструменты