Dehli shahrida O'zbekiston va Hindiston oliy ta'lim muassasalari forumi o'tkaziladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Mamlakat elchixonasi va Hindistonning "MD House" kompaniyasi tomonidan 25-may kuni tashkil etilayotgan tadbirda ikki mamlakat oliy ta'lim muassasalari delegatsiyalari ishtirok etadi.
So'nggi yillarda hindistonlik yoshlarning O'zbekiston universitetlarida ta'lim olishga bo'lgan qiziqishi ortib bormoqda. Mamlakatimiz hayotining turli jabhalarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, ta'lim tizimining xalqaro andozalarga uyg'unligi, oliy bilim yurtlarida xorijlik yoshlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar, xususan, ular uchun ta'lim berish ingliz tilida olib borilayotgani va boshqa jozibador jihatlar bunga sabab bo'lmoqda. O'zbekistonda chet davlatlardan kelgan talabalar uchun qulay yashash sharoiti va xavfsiz muhit yaratilgani ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Forum doirasida O'zbekiston va Hindiston universitetlari delegatsiyalari o'zaro hamkorlikning yangi istiqbollarini muhokama qilishi, ular o'rtasida anglashuv memorandumlari imzolanishi kutilmoqda.
Shuningdek, O'zbekiston vakillari yoshlarning xorijda ta'lim olishini tashkil qilish bilan shug'ullanadigan yirik kompaniyalar bilan muzokaralar o'tkazadi.
So'nggi yillarda oliy ta'lim davlatlararo hamkorlikning samarali yo'nalishlaridan biriga aylangan. Xususan, bugungi kunda O'zbekiston universitetlari va institutlarida 10 mingga yaqin hindistonlik yoshlar tahsil olmoqda. Bu ko'rsatkich yildan yilga o'sib bormoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82501 | Инструменты